Jahon | 23:02 / 14.05.2024
6450
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil tanklari Rafahning sharqiy qismiga kirgani ma’lum bo‘ldi

Shahar ko‘chalarida allaqachon to‘qnashuvlar boshlangani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

Isroil tanklari Rafah sharqidagi aholi yashash joylariga kirdi. Reuters xabariga ko‘ra, shahar ko‘chalarida allaqachon to‘qnashuvlar boshlangan. 

Guvohlarning aytishicha, Isroil bir qancha binolarni bombardimon qilganidan so‘ng shaharning sharqiy qismida portlashlar eshitilmoqda, tutun ko‘rinmoqda. 

Avvalroq Isroil qurolli kuchlari vakili Daniel Hagari ijtimoiy tarmoqda murojaat qilib, Rafahdagi harbiy operatsiya davom etishini aytgan va tinch aholini evakuatsiya qilinishga chaqirgan edi. U harbiylarning xatti-harakatlari tinch aholiga emas, hamaschilarga qaratilganini ta’kidladi. 

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 6 maydan beri Rafahni 450 mingga yaqin odam tark etgan. Ulardan ba’zilari Al-Mavasiy hududiga - qumli sohilga ko‘chib o‘tgan. Ta’kidlanishicha, u yerda sanitariya va boshqa normal hayot uchun zarur bo‘lgan infratuzilma mavjud emas. 

Avvalroq G‘azoning faol janglar ketayotgan boshqa tumanlaridan bir millionga yaqin qochqin Rafahga evakuatsiya qilingan edi. Tinch aholining qurbon bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgani sababli, AQSh prezidenti Jo Bayden Rafahda to‘liq miqyosda harbiy operatsiya o‘tkazilsa, AQSh Isroilga ayrim turdagi qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishini aytdi. Bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu, agar kerak bo‘lsa, Isroil «quruq qo‘llar bilan kurashadi» dedi.

Mavzuga oid