O‘zbekiston | 17:34 / 17.05.2024
33851
3 daqiqa o‘qiladi

“Boxo zavxoz” laqabi bilan tanilgan Bahodir Sultonov 10 yilga qamaldi

Bahodir Sultonov hamda u bilan bir ish doirasida qamoqqa olingan Navoiydagi avtosalon direktori Niyoz Ibodovga sud hukmi o‘qildi. Ular o‘tgan yil dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qo‘lga olingandi.

“Boxo zavxoz” va “Terminator” laqablari bilan tanilgan Bahodir Sultonov hamda u bilan bir ish doirasida qamoqqa olingan Navoiydagi avtosalon direktori Niyoz Ibodovga 16 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Bahodir Sultonov hamda Niyoz Ibodov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan Bahodir Sultonovga 10 yil, Niyoz Ibodovga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud hukmi bilan Bahodir Sultonov o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Ular nima qilishgandi?

70 yoshli Niyoz Ibodov Navoiy shahridagi “Navoiy-avtosavdo” MChJ direktori hisoblanadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, u MChJda 61,20 foiz ulushga egalik qilgan. MChJning 32,70 foiz ulushi esa uning jiyani Sardor G‘afforovga tegishli bo‘lgan.

Niyoz Ibodovga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2023 yil 18 dekabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sud ajrimiga ko‘ra, Niyoz Ibodov o‘zining jiyani bo‘lgan Sardor G‘afforovni “Navoiy-avtosavdo” MChJdagi ulushidan voz kechdirish bo‘yicha Bahodir Sultonovga murojaat qilgan. Bahodir Sultonov, Niyoz Ibodov va boshqa noma’lum shaxslar 2023 yilning iyun oyi boshlarida bir guruhga birlashib, ishni “hal qilish” uchun oldindan jinoiy til biriktirgan.

Guruh a’zolari Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan ofisga Sardor G‘afforovni chaqirib, undan avtosalondagi ulushini 200 ming AQSh dollari evaziga Niyoz Ibodov nomiga o‘tkazib berish haqida do‘q-po‘pisa qilib, agar ulushni o‘tkazib bermasa, jismonan yo‘q qilib yuborishni aytishgan.

Eslatib o‘tamiz, Niyoz Ibodov Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Dolzarb qirq kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar vaqtida qo‘lga olingandi

Avvalroq Toshkentda «Ziki eski shahar» laqabi bilan tanilgan, dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida qo‘lga olingan Lutfulla Umarov 6 yil-u 2 oyga qamalgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid