Jahon | 21:27 / 17.05.2024
5214
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi tasdiqlandi 

Shuningdek, Vengriya bilan baliqlar naslini yangilash va yangi baliq turlarini iqlimlashtirishga ixtisoslashgan «Naslchilik markazi»ni tashkil etish ham rejalashtirilgan. 

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda ilk bor krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi bo‘yicha Janubiy Koreya bilan kelishuvga erishildi. Bu haqda «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. 

Qayd qilinishicha, «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi baliqchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalari o‘rnatib, baliqchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalarni taklif etmoqda. 

Jumladan, Vengriya bilan baliqlar naslini yangilash va yangi baliq turlarini iqlimlashtirishga ixtisoslashgan «Naslchilik markazi»ni tashkil etish, Xitoy bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan baliq turlarining populyatsiyasini tiklash, baliqlar uchun yem ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha jahondagi yetakchi yem ishlab chiqarish kompaniyalarining filiallarini respublikamizda barpo etish masalasi yuzasidan Niderlandiya hamda Eron bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. 

Avvalroq, Janubiy Koreyaning «Taraqqiyotga rasmiy yordam» dasturi doirasida «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi hamda GWNU bilan hamkorlikda O‘zbekistonda akvamadaniyat sohasini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar asosida qisqichbaqasimonlarni (krevetka) sanoat miqyosida yetishtirish masalasi muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi. Loyiha 2024-2026 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

Mavzuga oid