O‘zbekiston | 09:54 / 18.05.2024
3543
5 daqiqa o‘qiladi

«Jamoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi

Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va asosiy prinsiplar belgilab berilmoqda.

Foto: Kun.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Jamoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Loyihani qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslanadi:

  • birinchidan, jamoat xavfsizligini ta’minlashning yagona tizimi mavjud emasligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi jamoat xavfsizligini ta’minlashni bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar hamda ularning ushbu sohadagi vakolatlarini aniq belgilab berish zaruratini yuzaga keltirdi;
  • ikkinchidan, “jamoat xavfsizligi”, “jamoat xavfsizligiga tahdidlar”, “jamoat xavfsizligiga tajovuzlar”, “jamiyatning hayotiy muhim manfaatlari”, “jamoat xavfsizligini ta’minlash sub’yektlari” kabi tushunchalariga izoh berilmaganligi sababli, ularni amalda qo‘llashda turli tushunmovchilik va talqinlar yuzaga kelayotganligi bois, ushbu tushunchalarga aniqlik kiritish, ularni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlab qo‘yish ehtiyoji paydo bo‘ldi;
  • uchinchidan, aholi gavjum bo‘ladigan joylarining turi, huquqiy shakli va ularga aholining tashrif buyurish darajasi turlichaligi hamda ushbu joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlashda bir nechta davlat organlari va tashkilotlari ishtirok etishi bois, ular faoliyatini muvofiqlashtirish va rahbarlik rolini belgilash zarurati vujudga kelmoqda;
  • to‘rtinchidan, jamoat xavfsizligini ta’minlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar faol qatnashib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari belgilanmaganligi sababli, ushbu masalalarni qonunchilik hujjati darajasida mustahkamlash lozim.

Loyihada jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida ular yagona qonun sifatida tizimlashtirilmoqda.

Qonun loyihasi 6 ta bob va 43 ta moddadan iborat bo‘lib, unda:

  • jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va asosiy prinsiplar belgilab berilmoqda;
  • “jamoat xavfsizligi”, “jamoat xavfsizligiga tahdidlar”, “jamoat xavfsizligiga tajovuzlar”, “jamiyatning hayotiy muhim manfaatlari”, “jamoat xavfsizligini ta’minlash sub’yektlari”, “jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida rahbarlikni amalga oshiruvchi sub’yektlar”, “jamoat xavfsizligini ta’minlashga bevosita mas’ul bo‘lgan sub’yektlar”, “jamoat xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etuvchi sub’yektlar” hamda “qo‘riqlanishi shart bo‘lgan madaniyat, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi obektlar” tushunchalariga ta’rif berilmoqda;
  • jamoat xavfsizligini bevosita ta’minlovchi sub’yektlar ro‘yxati, ularning ushbu sohadagi vakolatlari hamda birgalikdagi faoliyati jarayonida hamkorlik mexanizmlari belgilab berilmoqda;
  • jamoat xavfsizligini ta’minlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining ishtiroki yoritilmoqda;
  • jamoat xavfsizligini ta’minlashda jismoniy va yuridik shaxslarning ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, fuqarolarni jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb qilish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilmoqda;
  • kuchaytirilgan qo‘riqlovga olinishi lozim bo‘lgan aholi gavjum bo‘ladigan obektlarning ro‘yxati maxsus komissiya tomonidan shakllantirilishi va bunday obektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar va ularda xizmat o‘tash tartibi prezident tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda;
  • jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb etiladigan kuch va vositalarga rahbarlik qilish, ularni muvofiqlashtirish va nazorat qilish masalalariga aniqlik kiritilmoqda;
  • jamoat xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etuvchi fuqarolar hamda nodavlat notijorat tashkilotlarini ijtimoiy himoya qilish masalalari belgilab berilmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida:

  • birinchidan, jamoat xavfsizligi sohasidagi tushunchalarning aniq va bir xilda qo‘llanilishi ta’minlanadi;
  • ikkinchidan, davlat tomonidan jamoat xavfsizligi sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari hamda sohadagi asosiy prinsiplar belgilab beriladi;
  • uchinchidan, jamoat xavfsizligini bevosita ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlarning huquqiy maqomi hamda vakolat doiralari aniq belgilanishi natijasida bu borada samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;
  • to‘rtinchidan, jamoat xavfsizligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning faol ishtiroki ta’minlanadi, ular rag‘batlantiriladi va bu borada jamoatchilik nazorati kuchayadi;
  • beshinchidan, kuchaytirilgan qo‘riqlovga olinishi lozim bo‘lgan aholi gavjum bo‘ladigan obektlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, favqulodda holatlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid