Jahon | 09:20 / 20.05.2024
90422
5 daqiqa o‘qiladi

Ibrohim Raisiyning o‘limi tasdiqlandi. So‘nggi ma’lumotlar

U bilan birgalikda Eron TIV rahbari Hussayn Amir Abdullahiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy va oyatullohning Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi vakili Imom oyatulloh Ali Hoshim ham halok bo‘lishgan.

Foto: Iranian Red Crescent Society / Reuters / Scanpix / LETA

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokat qurboni bo‘ldi. Raisiy va yuqori martabali mulozimlar uchgan vertolyot 19 may kuni mamlakat shimoli-g‘arbida, Sharqiy Ozarboyjon viloyati hududida halokatga uchragan. Mehr agentligi xabariga ko‘ra, halokat oqibatida boshqa yo‘lovchilar ham, jumladan Eron TIV rahbari Hussayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy, oyatullohning hududdagi vakili Muhammad Ali Ale-Hoshim halok bo‘lishgan.

Halokatga uchragan bortda shuningdek prezident qo‘riqchilari boshlig‘i Sayid Mehdi Musaviy, ikki uchuvchi hamda texnik zobit bo‘lishgan.

Raisiy uchgan vertolyot Ozarboyjon bilan chegara yaqinidagi tog‘li hududda qulab tushgan. 20 may tongida Amerikada ishlab chiqarilgan Bell 212 vertolyoti qoldiqlari noqulay ob-havo sharoitida o‘tkazilgan tungi qidiruv ishlaridan keyin topilgan. Eron davlat televideniyesida ma’lum qilinishicha, vertolyot tog‘dagi qoyaga borib urilgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhusayn Kolivand davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida qutqaruvchilar halokat joyiga yetib borishganida «vertolyot yo‘lovchilaridan birortasi omon qolgani belgilari yo‘qligi»ni aytgandi. Qidiruv hududida 73 ta qutqaruv otryadi harakatlangan.

Eron davlat televideniyesi odatiy efirlarni to‘xtatgan. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, vertolyot halokati to‘g‘risidagi xabardan keyin TV orqali eronliklar butun mamlakat bo‘ylab Raisiy uchun duo qilishayotgani namoyish etilgan. Shuningdek, televideniyeda qutqaruvchilar tog‘larda vertolyotni qanday qidirayotgani ko‘rsatib turilgan. Eron hukumatida Raisiy o‘tirgan o‘rindiqqa esa motam lentasi ilib qo‘yilgan. Tehron fond birjasi bir necha kunga faoliyatini to‘xtatgan.

Aviahalokatdan keyin ayrim mamlakatlar xavotir bildirdi va o‘z yordamini taklif etdi. Oq uydagilar prezident Jo Bayden halokat haqida xabardor qilinganini ma’lum qildi. Xitoy chuqur tashvishda ekanini bildirgan. Inqirozlarni boshqarish bo‘yicha yevrokomissar Yanez Lenarchich halokatdan keyin Yevroittifoq o‘zining Copernicus sun’iy yo‘ldosh tizimidan Eron prezidenti vertolyotini topishda foydalanishini ma’lum qildi. RF prezidenti Vladimir Putin va yuqori martabali rossiyalik harbiylar hamda amaldorlar Eronning Moskvadagi elchisi Kozim Jaloliy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Elchi Eronning IRNA agentligiga aytishicha, Putin barcha zarur yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan. Vertolyot halokatga uchragan hududga Rossiya FVVning ikki samolyoti qutqaruvchilar bilan birga yuborilgan.

63 yoshli Raisiy 2021 yilda Eron prezidenti bo‘lgandi. Bu lavozimga saylangach, u axloq qonunlarini qat’iylashtirishni talab qilgan, hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishga rahbarlik qilgan va jahondagi qudratli davlatlar bilan yadroviy muzokaralarda faol ishtirok etgan. Eronning oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy (Raisiy uning vorisi sifatida ko‘rilardi), vertolyot halokatidan keyingi chiqishida davlat boshqaruvida «uzilishlar bo‘lmasligi»ni ma’lum qilgan.

Ibrohim Raisiy bir necha bor mamlakat prezidenti sifatida Rossiyaga tashrif buyurgan, jumladan RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin ham. Rossiya Erondan qurollar, xususan Ukraina bo‘ylab zarbalar berishda qo‘llanayotgan «Shohid» tipidagi zarbdor dronlarni sotib oladi.

Raisiyning o‘limidan keyin mamlakat vitse-prezidenti Muhammad Mohbar vaqtincha Eron prezidentiga aylanadi. 68 yoshli Mohbar Raisiy 2021 yilda prezidentlikka saylanganida, vitse-prezident bo‘lgandi. U ham Ali Xominaiyning yaqin kishilaridan sanaladi. Reuters manbasi xabariga ko‘ra, Mohbar 2023 yil oktyabrida Moskvaga tashrif buyurgan va rossiyalik harbiylarga raketalar va dronlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan Eron delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan.

Mohbar vaqtincha prezident sifatida parlament spikeri hamda Eron sud tizimi rahbari bilan birgalikda Raisiyning vafotidan keyin 50 kun ichida o‘tkaziladigan yangi saylovlarni tashkillashtiruvchi kengash a’zosi bo‘ladi.

Mavzuga oid