Jahon | 22:20 / 20.05.2024
103037
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti vertolyoti qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgani ma’lum qilindi

Shuningdek, Eronda yangi prezident saylovi sanasi ma’lum qilindi. 

Foto: Stringer/WANA

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyotning qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Bu haqda IRNA davlat agentligi xabar berdi. 

«Raisiy yakshanba kuni (2024 yil 19 may) vertolyotdagi texnik nosozlik tufayli yuz bergan halokatda vafot etdi», deyiladi agentlik xabarida. 

Mehr agentligiga ko‘ra, vertolyot halokatida qurbon bo‘lganlarning barchasi shahid deb e’lon qilingan. 

Bungacha aviahalokatga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgani aytilayotgandi. 

IRIB telekanaliga ko‘ra, halok bo‘lganlarning dafn marosimlarini tashkil qilish uchun maxsus qo‘mita tuzilgan. Uning rahbari etib mamlakat vitse-prezidenti Muhsin Mansuriy tayinlandi. Prezident Raisiy dafn marosimi 23 may kuni uning tug‘ilgan shahri Mashhadda bo‘lib o‘tadi. 

Bundan tashqari, Eron saylov komissiyasi matbuot kotibi Muhsin Islomiyning aytishicha, yangi davlat rahbari uchun muddatidan oldingi saylov 28 iyunga belgilangan.

Mavzuga oid