O‘zbekiston | 11:17 / 21.05.2024
1565
4 daqiqa o‘qiladi

Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi reglament ishlab chiqildi

Texnik reglament inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, attraksionlardan foydalanish va ularning xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlar oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Texnik reglament inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, attraksionlardan foydalanish va ularning xavfsizligi xususida iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

Texnik reglament talablari O‘zbekistonda va xorijda ishlab chiqarilgan, ilgari foydalanishga topshirilgan va birinchi marta muomalaga chiqariladigan, foydalanishda yo‘lovchilarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan biomexanik xavfning I, II, III darajalariga ega biomexanik ta’sir ko‘rsatuvchi vaqtincha o‘rnatiladigan (tashiladigan) va statsionar (poydevorda yoki poydevorsiz o‘rnatilgan) quyidagi attraksionlarga nisbatan qo‘llaniladi:

  • mexanizatsiyalashgan ilgarilab harakatlanuvchi (shu jumladan suvdan foydalaniladigan) attraksionlar;
  • mexanizatsiyalashgan aylanma harakatlanuvchi attraksionlar;
  • mexanizatsiyalashgan murakkab harakatlanuvchi attraksionlar;
  • avtodromlar va kartinglar;
  • havo bilan to‘ldirilgan attraksionlar;
  • mexanizatsiyalashgan suv attraksionlari;
  • mexanizatsiyalashmagan attraksionlar;
  • bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionlar.

Attraksionlarni ishlab chiqarishda ularning loyiha-konstruktorlik hujjatlar talablariga muvofiqligi ta’minlanishi kerak.

Attraksionlarning komponentlari va detallarini ishlab chiqarish uchun faqat loyiha-konstruktorlik hujjatlarida nazarda tutilgan konstruksiya materiallari ishlatilishi kerak. Loyihachi bilan kelishmasdan konstruksiya materiallarini almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Muhim komponentlar uchun payvandlangan birikmalarga va tanlangan materiallarning payvandlanuvchanligiga alohida e’tibor berilishi kerak.

Mahkamlash buyumlari loyihachi tomonidan belgilangan ishonchlilik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Attraksionning xavfsizligi bog‘liq bo‘lgan materiallar, detallar, moslamalar va uzellar texnik talablarga, hisob-kitob tavsiflariga va texnik reglamentning xavfsizlik talablariga javob berishi kerak.

Muhim komponentlar ishlab chiqaruvchi yoki pudratchining tamg‘asiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu tamg‘a komponentlarni keyinchalik identifikatsiyalash imkoniyatini ta’minlash uchun aniq va tushunarli bo‘lishi, ko‘rish uchun oson bo‘lgan joyga joylashtirilishi zarur.

Muhim komponentlar uchun yetkazib beriladigan barcha materiallar va butlovchi qismlar zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan holda kirish nazoratidan (verifikatsiyadan) o‘tishi kerak.

Ishlab chiqarish jarayonida ham ishlab chiqaruvchi, ham uning yetkazib beruvchilari tomonidan ishlab chiqarilgan materiallar (shu jumladan, sarflash materiallari) va komponentlar (elementlar) nazorat qilinishi kerak.

Agar loyiha-konstruktorlik hujjatlarida muhim komponentlar uchun ularni ishlab chiqarish jarayonida sinovdan o‘tkazish zarurligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi sinovlar o‘tkazilishini ta’minlashi shart.

Loyiha-konstruktorlik hujjatlarini tekshirish paytida yoki texnik talablarda ushbu detallar yoki uzellar xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim ekanligi va ularni sinovdan o‘tkazish zarurligi belgilangan taqdirda, ishlab chiqaruvchi ushbu sinovlarning o‘tkazilishini ta’minlashi shart.

Putur yetkazmaydigan nazorat attraksionni loyihalashtirishda shakllantirilgan va ishlab chiqaruvchiga loyiha-konstruktorlik hujjatlari bilan birga topshirilgan muhim komponentlar ro‘yxatida nazarda tutilgan muhim komponentlar va elementlar birikmalariga nisbatan qo‘llanishi kerak.

Ishlab chiqaruvchi har bir material va har bir komponent uchun asosiy xavfsizlik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlarining loyiha-konstruktorlik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligini ta’minlashi va ishlab chiqarishning tegishli tartibotlarini nazarda tutishi kerak.

Mavzuga oid