Jahon | 08:50 / 21.05.2024
5695
3 daqiqa o‘qiladi

Neuralink’ka ikkinchi ko‘ngillining miyasiga chip o‘rnatishga ruxsat berildi

AQSh regulyatori birinchi sinov ishtirokchisida yuzaga kelgan qurilma bilan bog‘liq muammolardan so‘ng Neuralink chipini implantatsiya qilish jarayoniga o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

Foto: Neuralink

Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasidan (FDA) ikkinchi ko‘ngillining miyasiga kompyuter bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilish uchun chip o‘rnatishga ruxsat oldi. Bu haqda 20 may, dushanba kuni manbalarga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi

Mask X ijtimoiy tarmog‘ida kompaniya allaqachon miya chipining ikkinchi oluvchisi bo‘lishni istaganlardan arizalarni qabul qila boshlaganini yozdi. «Bu bizning kibernetik miya implantimiz «Telepatiya» bo‘lib, u telefon va kompyuteringizni faqat o‘ylash orqali boshqarish imkonini beradi», — deb yozgan Mask.

Implantatsiya qilingan qurilma qabul qiluvchi kapsula bo‘lib, u eshitish vositasi kabi quloq orqasiga o‘rnatiladi va undan ipga o‘xshash elektrodlar miyaga boradi. Umuman olganda, miyaga 1500 tagacha elektrod joylashtiriladi, ularning har biri inson sochidan to‘rt barobar yupqaroqdir. Bitta 4x4 mm protsessor 10 ming elektroddan olingan ma’lumotlarni qayta ishlaydi. 

Birinchi sinovdagi muammolarni tuzatishga urinish

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika regulyatori birinchi sinov ishtirokchisi Nolan Arboda qurilma bilan bog‘liq muammolardan keyin kompaniya tomonidan taklif qilingan Neuralink chipini implantatsiya qilish jarayoniga o‘zgartirishlarni ma’qullagan. Yelkasidan pasti shol bo‘lgan erkakka chip 2024 yil yanvar oyi oxirida implantatsiya qilingan. Mart oyida Neuralink uning shaxmat o‘ynayotgani, o‘z fikrlari yordamida harakatlar qilgani aks etgan videoni chop etdi. 

Operatsiyadan bir oy o‘tgach, ishlab chiquvchilar qurilmadagi nosozliklarni payqashdi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, chipning ipga o‘xshash elektrodlari aksariyati noto‘g‘ri bo‘lib qolgan va endi signallarni o‘qiy olmaydi. Neuralink endi muammo takrorlanmasligi uchun chipni ikkinchi ko‘ngillining miyasiga chuqurroq joylashtirmoqchi.

2024 yil oxirigacha Neuralink qurilmalarni 10 nafar ko‘ngilliga implantatsiya qilishni, shuningdek, Kanada va Britaniyada o‘z chiplari bilan sinovlar o‘tkazish uchun ariza topshirishi kutilmoqda, deb yozadi WSJ. 

Mavzuga oid