Toshkentdagi eng baland “jumboq”: Xarobaga aylangan “Chorsu” mehmonxonasi tarixi
Bir paytlar Toshkentning ko‘rki bo‘lgan muhtasham “Chorsu” mehmonxonasi asr boshidan beri qarovsiz holda yotibdi. Avvaliga koreys, keyin turk va arab investorlari undan yuz o‘girdi. Majmua jozibador nuqta – shahar markazida joylashganiga qaramay, unga nega ega topilmayotgani jumboqli.
Poytaxt markazidagi Navoiy, Beruniy va Samarqand darvoza ko‘chalarining kesishmasida joylashgan mehmonxona 1982-1983 yillarda qurib bitkazilgan. Unga dastlab “Moskva” nomi qo‘yilgan. Mustaqillikdan keyin bu “Chorsu” nomi bilan o‘zgartirilgan.
“Chorsu” mehmonxonasi 23 qavatli bo‘lib, dastlabki 2 qavati restoran, banket zali, ma’muriy boshqaruv xonalari uchun mo‘ljallangan. Binoning pastki qismida baland qilib tirgakli devorlar yordamida supasimon kompozitsiya tashkil qilinib, uning yaqinida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasining eng pastki qismiga tenglashtirilgan.
Mehmonxona 2000 yillarga qadar faol ravishda ishlaydi. Keyinchalik turizm sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari doirasida rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar boshlanadi.
Xususan, 2002 yil 26 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Chorsu mehmonxona kompleksini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinadi. Qarorda “O‘zbekturizm” va “Emsash” (Turkiya) firmasi ustav jamg‘armasi 10 mln dollar (O‘zbekiston tomonining ulushi – 3 mln dollar, “Emsash” kompaniyasining ulushi – 7 mln dollar) bo‘lgan “Chorsu Otel” qo‘shma korxonasini tashkil etishi ko‘zda tutilgandi. Bunda “Emsash” firmasi tomonidan “Chorsu” mehmonxona kompleksi to‘liq rekonstruksiya qilinishi kerak bo‘lgan. Biroq, loyiha tugallanmaydi va 2005 yilning bahorida hukumat qarori bekor qilinadi.
“Chorsu” mehmonxonasini sotishning birinchi davri
2010 yilning 7 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Sobiq “Chorsu” mehmonxonasi negizida zamonaviy mehmonxona majmuasini tashkil etish loyihasini amalga oshirishni yakunlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinadi.
Qarorda Janubiy Koreyaning Daegeon Global Co. Ltd kompaniyasi 2007 yilning sentabrida “Chorsu” mehmonxonasini 7 mln dollarga sotib olgani va 18 mln dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya kiritish majburiyatlarini ham qabul qilgani keltirib o‘tilgan. O‘z navbatida loyihani amalga oshirish uchun tashkil etilgan Daegeon Global Korea MChJ 2012 yil 1 sentabrdan kechiktirmay yangi mehmonxona majmuasini rekonstruksiya qilish va qurishni yakunlashi kerak bo‘lgan.
2012 yilda qabul qilingan Toshkent shahrining turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi qarorda ham “Chorsu” mehmonxonasini ta’mirlash ishlari 2013 yil iyuliga qadar tugatilishi kerakligi ko‘zda tutilgandi.
2015 yilda mehmonxonasining rekonstruksiya qilinishi bo‘yicha yangilangan loyiha O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga ham taqdim etilgan va “Yangi Chorsu”ni Navro‘z bayramiga qadar ochilishiga va’da berishadi. Shundan beri ham ko‘p Navro‘zlar o‘tdi, lekin yangi mehmonxona haqidagi gaplar va’daligicha qoldi.
2016 yilning yozida esa Yaponiyaning Toyoko-Inn kompaniyasi Toshkentning tarixiy markazida joylashgan binoni ta’mirlash va ekspluatatsiya qilishga qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlar tarqaladi.
“Chorsu” mehmonxonasini sotishning ikkinchi davri
2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, “Chorsu” mehmonxona majmuasi “Inter Tourism” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 – 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rnini yaratish sharti bilan sotiladi. Bu yerda Eski shahar nomli turistik markaz qurilishi rejalashtiriladi.
Ammo xorijiy korxona oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinadi.
Oxirgi marta “Chorsu” mehmonxonasi 2020 yil 17 fevralida BAAning “Ittihad International Investment LLC” kompaniyasiga auksion orqali 16,9 milliard so‘m evaziga sotilgan edi.
Auksion shartiga ko‘ra, sarmoyadorga 2 yil mobaynida hukumat kafolatlarisiz kamida 25 mln dollarga teng ekvivalentda investitsiyalar kiritishi, 3 yulduzli mehmonxona xizmatini tashkil etishi hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratish talablari qo‘yilgandi.
Ammo, oradan 4 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, investitsiya majburiyatlari ham, ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmadi, shartnomada belgilangan hech bir shart bajarilmadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham bu borada rasmiy izoh taqdim qilgani yo‘q.
Bugungi kundagi holati
Inshoot sayyohlar uchun poytaxtning asosiy diqqatga sazovor joylaridan bo‘lgan eski shaharda, Ko‘kaldosh madrasasi qarshisida joylashgan. Shunga qaramay, investorlarning undan yuz o‘girib ketayotgani tushunarsiz va taajjublanarli.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Boshlovchi – Baxtiyor To‘xtayev
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024