Jahon | 15:03 / 22.05.2024
70219
3 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidentining vertolyotdagi halokati bo‘yicha ayrim tafsilotlar ma’lum qilindi

Prezident ma’muriyati rahbarining aytishicha, vertolyotlar havoga ko‘tarilgan paytda halokat sodir bo‘lgan tog‘li hududda ob-havo sharoitlari yaxshi bo‘lgan. Prezident bilan bir vertolyotda bo‘lgan shaxslardan biri halokatdan keyin bir necha soat hushida bo‘lib, rasmiylarning savollariga javob bera olgan. Avvalroq halokatga texnik nosozlik sababligi aytilgandi.

Foto: Eron davlat televideniyesi

Eron prezidenti ma’muriyatining rahbari G‘ulom-Husayn Ismoiliy prezident Ibrohim Raisiy va boshqa mulozimlarning vafotiga sabab bo‘lgan vertolyot halokati bo‘yicha ayrim tafsilotlarni so‘zlab berdi.

Ismoiliy yakshanba kuni Eron delegatsiyasini olib Ozarboyjondan qaytayotgan uchta vertolyotdan birida bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta vertolyot Ozarboyjondan mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida havoga ko‘tarilgan, bu vaqtda parvoz boshlangan joyda ob-havo sharoiti yaxshi bo‘lgan.

Shuningdek, u vertolyot halokatga uchragan tog‘li hudud – Varzag‘on tumanidagi ob-havo sharoiti ham parvoz boshlanishida “juda yaxshi” bo‘lganini aytdi.

“Havoga ko‘tarilganimizdan 45 daqiqa o‘tib, prezident Raisiyning vertolyoti uchuvchisi – kolonna rahbari – boshqa vertolyotlarga yaqindagi bulutdan saqlanish uchun balandlikni oshirish buyrug‘ini berdi. Lekin boshqa ikkita vertolyot orasida uchib ketayotgan prezident vertolyoti to‘satdan yo‘qolib qoldi”, – deya prezident ma’muriyati rahbarining Eron televideniyesidagi so‘zlarini keltirmoqda IRNA davlat axborot agentligi.

G‘ulom-Husayn Ismoiliyning so‘zlariga ko‘ra, u uchayotgan vertolyot uchuvchisi bulutlar orasidan ko‘tarilishni boshlaganidan taxminan 30 soniya o‘tib o‘rtadagi vertolyot yo‘qolib qolganini payqaganini aytgan. Shundan keyin uchuvchi atrofni aylanib uchib, prezident vertolyotini qidira boshlagan.

Ismoiliyga ko‘ra, qidiruv vaqtida prezident vertolyoti bilan radioaloqa vositalari orqali bir necha marta bog‘lanishga harakat qilishgan, keyin yaqin atrofdagi mis koni yaqinida qo‘nishgan. Qo‘nishda ularga bulutlar xalal bergan.

Bu jarayonda prezident bilan bitta vertolyotda bo‘lgan Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va prezidentni qo‘riqlash bo‘linmasi rahbari takror-takror qilingan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan.

Shu bilan birga, ikkita vertolyotning uchuvchilari prezident vertolyotining uchuvchisiga qo‘ng‘iroq qilganida, uchuvchining telefonini Tabriz viloyati imomi oyatulloh Muhammad Ali Alihoshim ko‘targan va vertolyot vodiyga qulab tushgani, o‘zi juda og‘ir ahvolda ekanini aytgan.

Halokatga uchragan vertolyot topilganida, prezident, tashqi ishlar vaziri va boshqalarning jasadlari holatidan ular bir ondayoq jon bergani ayon bo‘lgan.

Go‘shakni ko‘targan imom esa halokatdan keyin kamida 3 soat davomida hayot bo‘lib, jon berguniga qadar ko‘p marta rasmiylar bilan gaplasha olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga halokatga hududdagi noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgani aytilgan edi, keyinchalik Eron davlat axborot agentligi vertolyotning qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid