Jamiyat | 10:40 / 27.05.2024
31606
4 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilondagi oshkora qotillik: bunga nima sabab bo‘lgandi?

Kunduz kuni, odamlar ko‘z o‘ngida bir guruh shaxslar yosh yigitning bo‘yniga pichoq tortib, o‘ldirishga urindi. Kun.uz ushbu pichoqbozlik ildizi bir necha yil avval “to‘y korteji”da yo‘l talashish ortidan kelib chiqqan janjalga borib taqalishini aniqladi.

Piyodalar yo‘lagida fuqaroga hujum qilib, uni o‘ldirishga uringani tasvirlangan lavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib tafsilotlarni o‘rgandi. Holat 21 may kuni Marg‘ilon shahri markazidagi  Burhoniddin Marg‘iloniy ko‘chasida telefon do‘konlari qarshisida, piyodalar yo‘lakchasida sodir bo‘lgan.   

Telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘kon xodimlarining ma’lum qilishicha, hodisa asr namozi vaqtida yuz bergan.

“Masjidga asr namozini o‘qishga kirgan edik. Chiqishimizga do‘konimiz qarshisi tumonat odam to‘planganiga guvohi bo‘ldik. Pichoqbozlik bo‘lgani haqida eshitdik. Bir kishiga 3 fuqaro xujum qilgan. Pichoqlangan bola tilla taqinchoqlar do‘koniga kirib olib jon saqlab qoldi deyishdi”, deydi ismi sir qolishini xohlagan sotuvchilardan biri.

Voqeaning bevosita guvohi bo‘lgan sotuvchilar ma’lumot berishni istamadi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hammasi bundan bir necha yillar avval “to‘y korteji”voqeasidan boshlangan. Bir guruh yoshlar yo‘l talashishi ortidan nizo kelib chiqqan. Nizo esa janjalga aylangan.

To‘y marosimida Saidbek (A’zamni pichoqlagan shaxs) va Nurillo ismli shaxslar o‘rtasida tortishuv bo‘lgan. Do‘sti Nurillo tarafini olib, A’zam ham janjalga aralashgan. Shundan keyin Saidbekning otasi o‘zi bilan bir necha kishini olib kelgan. Mushtlashuv bo‘lgan. Bu janjalda A’zamning do‘stlaridan biri Saibdekning otasi Ulug‘bekning orqa qismiga pichoq tiqib, jarohat yetkazgan. Voqeadan keyin A’zam va u bilan janjalda ishtirok etgan 4 nafar do‘sti turli muddatlarga qamoq jazosiga mahkum etilgan. A’zam ham bir yil muddatga yaqin jazo muddatini o‘tagan.

A’zam ozodlikka chiqqach esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan hodisa sodir bo‘lgan. Saidbek A’zamning orqasidan kelib o‘ng orqa va yuz sohasiga pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Jarohat olgan A’zam dastlab Marg‘ilon shahridagi tez tibbiy yordam bo‘limi, keyin esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib kelingan. Ayni paytda uning holati qoniqarli ekani aytilmoqda.

Shifokorlar A’zam haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Holat yuzasidan Marg‘ilon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi Saidbek Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid