Jahon | 22:44 / 28.05.2024
8243
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil tanklari Rafah g‘arbidagi evakuatsiya zonasiga zarba berdi 

Shuningdek, Isroil tanklari Rafah markaziga kirib borgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

28 may kuni Isroil tanklari Falastinning Rafah shahri g‘arbidagi evakuatsiya lageriga zarba berdi, oqibatda 21 kishi halok bo‘ldi. Bu Isroil aviatsiyasining yakshanba tunidagi dahshatli zarbasidan keyingi ilk hodisa, deb xabar berdi Reuters. 

HAMAS sog‘liqni saqlash idorasining xabar qilishicha, halok bo‘lganlarning 12 nafari ayollar. Isroil armiyasi mas’uliga ko‘ra, Isroil tomoni hodisa haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. 

Guvohlarning aytishicha, Rafah markazidagi shaharning diqqatga sazovor joyi Al-Avda masjidi yaqinida pulemyotlar o‘rnatilgan tanklar va zirhli texnikalar ko‘zga tashlangan. Isroil harbiylari o‘z kuchlarining Rafah hududida operatsiyani davom ettirayotganini aytgan, ammo shahar markaziga o‘tganlar haqida izoh bermagan. 

Seshanba kungi hujum Isroil tomonidan kengaytirilgan gumanitar maydon sifatida belgilangan hududda sodir bo‘ldi. Isroil may oyi boshida hujum boshlaganida Rafahdagi tinch aholini u yerdan evakuatsiya qilinishga chaqirgan edi. 

Isroil uch hafta oldin Misr bilan Rafah chegara punkti nazoratini qo‘lga kiritish orqali o‘z bosqinini boshladi. Shu sababli tanklar chekka hududlarni kuzatib, ba’zi sharqiy tumanlarga kirgan, biroq shaharga hali to‘liq kuch bilan kirib kelmagan edi. 

Isroilning uch haftadan buyon Rafah hududida davom etayotgan operatsiyasi xalqaro hamjamiyatda norozilik uyg‘otmoqda. Bu norozilik, ayniqsa, yakshanba kuni 45 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumdan keyin keskin kuchaydi. 

Ta’kidlanishicha, zo‘ravonliklarni jilovlashga qaratilgan diplomatik harakat sifatida Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya seshanba kuni Falastin davlatini rasman tan oldi va bu Isroilning xalqaro izolyatsiyasini ancha chuqurlashtirdi. 

Mavzuga oid