Jahon | 18:13 / 30.05.2024
4771
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda prezidentlik saylovi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi

Nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayoni besh kun davom etadi. 

Foto: Getty Images

Eronda 28 iyunga belgilangan muddatidan oldin prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Ahmad Vohidiy xabar berdi. Uning so‘zlaridan Anadolu iqtibos keltirdi. 

«Eron tarixida burilish nuqtasi bo‘lgan mana shunday og‘ir sharoitlarda va shu qadar katta yo‘qotishlarga qaramay, inqilob yetakchisi (oyatulloh Ali Xomanaiy) va Konstitutsiya boshchiligidagi davlat boshqaruvida hech qanday inqiroz bo‘lmadi», dedi Vohidiy. 

Ichki ishlar vazirligi rahbarining qayd etishicha, nomzodlarni ro‘yxatga olish 5 kun davom etadi. Keyin Eron Konstitutsiyasini qo‘riqlash kengashi 7 kun ichida ro‘yxatga olingan har bir shaxsning zarur talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi. Kelgusida prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga 14 kun vaqt ajratiladi. 

Saylovda ishtirok etishni xohlovchilar shaxsan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishi kerak. 

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon 19 may kuni vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan edi. 

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda 5 kunlik motam e’lon qildi. 

Mavzuga oid