O‘zbekiston | 09:22 / 05.06.2024
4775
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Toshkentdagi elchixonasida vizaga ariza berish tartibi o‘zgardi

Endi noimmigratsion viza uchun suhbat o‘rnini yangi saytda belgilash lozim bo‘ladi.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi yangi saytda ish boshlaydi. Bu haqda elchixonaning Telegram’dagi kanalida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, 10 iyundan boshlab iyul va keyingi oylar uchun noimmigratsion (sayyohlik, biznes va boshqa) viza uchun suhbat o‘rnini yangi veb-saytda belgilash lozim bo‘ladi.

Yangi veb-sayt ishga tushgach, mijozlar onlayn viza suhbat sanasini belgilashdan avval viza uchun to‘lovni amalga oshirishlari kerak.

Shuningdek, elchixona Toshkent markazida pasportlarni taqdim etish uchun yangi qulay joy tashkil etilishini va qo‘shimcha to‘lov orqali hujjatlarni O‘zbekiston bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri uyga yoki ofisga yetkazish xizmatini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, avvalgi suhbat tizimidan foydalangan holda iyun oyi uchun suhbat sanasini belgilagan viza murojaatchilari, belgilangan sanada viza suhbatiga kelishlari va viza uchun to‘lovni binoning ichida suhbatdan avval amalga oshirishlari kerak.

“Ushbu yangi tizimning joriy etilishi, viza murojaatchilarimiz uchun doimiy ravishda xizmatlarni yaxshilash uchun qilayotgan sa’y-harakatlarimizning bir qismidir. Elchixona veb-sayti ushbu o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumotning eng yaxshi manbai bo‘lib qoladi”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid