O‘zbekiston | 16:15 / 05.06.2024
10868
3 daqiqa o‘qiladi

“Rozi qilish”imni kutishyaptimi?” - Toshkentda MIB va sud fuqaroni “koptok” qilmoqda

Majburiy ijro organi sud tomonidan yuborilgan ijro varaqasida xatolar bor deb uni kamida 5 marta qaytarib yuborgan, sud xodimi esa har safar ko‘rsatilgan xatolar tuzatilib, takroran ijroga yuborilganini bildirgan. Lekin 5 oy bo‘lyaptiki, ijrodan darak yo‘q.

Foto: Kun.uz

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi 2023 yil 19 dekabr kuni 2-1004-2303/22505-sonli fuqarolik ishi bo‘yicha hal qiluv qarorini chiqarib, javobgardan da’vogar foydasiga ular o‘rtasidagi qarz kelishuvida ko‘zda tutilgan summa va davlat bojini undirishni belgilagan.

Hal qiluv qarori 2024 yil 19 yanvarda qonuniy kuchga kirgan. Ishni ko‘rgan sudya shu kuni ijro varaqasini shakllantirib, elektron tizim orqali Majburiy ijro byurosiga taqdim etgan. Lekin oradan qariyb 5 oy o‘tgan bo‘lsa-da, amaliy harakatlardan darak yo‘q.

Chunki ijro hujjati MIB va sud o‘rtasida “koptok” bo‘lyapti.

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy davomida ijro varaqasi MIB tomonidan kamida 5 marta qaytarib yuborilgan. Fuqaro bilan suhbatda MIB xodimlari buni ijro varaqasida kerakli ma’lumotlar yo‘qligi bilan izohlagan, sud xodimlari esa har safar byuro so‘rayotgan kamchiliklar tuzatib qayta yuborilgani, hujjatda to‘g‘rilaydigan joyi qolmaganini aytgan.

“Bu yerda yoki sud xodimlari elementar fuqarolik ishi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 2 varaqlik hujjatni eplab yoza olmayapti, yoki MIB hujjatdan arzimas xatolarni topib uni qaytaraverish bilan ijroni paysalga solyapti. Undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘ning inflatsiya sabab shu yarim yil ichida yo‘qotilgan qiymati, ya’ni fuqaroning manfaati ularni qiziqtirayotgani yo‘q.

Ish ijroga qabul qilinishini yana qancha kutishim kerak? Yoki qaysidir tomon bir-ikki so‘m berib, rozi qilishimni kutyaptimikan? Men o‘zim har ikki idora bilan bog‘lanib jarayonni yurgizib turishga majbur bo‘layotganim, shunda ham hujjatdagi arzimas xatolarni tuzatish 5 oyga cho‘zilib ketgani shunday gumonga borishimga majbur qilyapti”, – deydi fuqaro.

Ta’kidlash kerakki, davlat organlari o‘rtasidagi hujjat almashinuvida qog‘oz shakldan voz kechilib, elektron shaklga o‘tilgani haqida ko‘p maqtovli gaplar aytilgan. Elektron hujjat almashinuviga o‘tilgani idoralar o‘rtasida amaliyotda bo‘lib turadigan bu kabi holatlarni tezkor hal qilish imkonini ham berishi kerak edi. Lekin ko‘rinib turibdiki, shakl o‘zgargani bilan mohiyat o‘sha-o‘sha: hammasi davlat xizmatchilarining o‘z ishiga qanchalik mas’uliyat bilan yondashishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid