O‘zbekiston | 16:07 / 10.06.2024
16671
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘istonning qator hududlariga chigirtka to‘dalari yopirildi

Qozog‘istonning Turkiston, Aqto‘be va Qo‘stanay viloyatlaridagi katta hududga chigirtkalar tarqalgan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin bu hujumni «misli ko‘rilmagan holat» deya baholadi. Shuningdek, Buxoro viloyatining ayrim hududlariga ham chigirtka to‘dalari yopirilgan. 

Foto: Videodan kadr

Buxoro viloyatida chigirtkalar hujumi yuz berdi. Romitan tumanidan o‘tuvchi A-380 Buxoro—Xorazm avtomobil yo‘lining Gazli shaharchasiga yaqin qismida chigirtkalar hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi.

Videolarda taxminan 5-8 sm kattalikdagi chigirtkalarning avtomobil yo‘lida to‘da-to‘da bo‘lib uchayotgani, hududda joylashgan binolar devorlarini to‘liq qoplab olganligini ko‘rish mumkin.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining izoh berishicha, Gazli massivida kimyoviy kurash tadbirlari olib borilib, hozirda zararli hasharotning tarqalish xavfi bartaraf etilgan.

Shuningdek, Qozog‘istonning qator hududlarida ham chigirtkalar hujumi kuzatilgan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin bu hujumni «misli ko‘rilmagan holat» deya baholadi.

Qozog‘iston hukumatining ma’lum qilishicha, Turkiston viloyatida jami 310 ming gektar maydonda chigirtkalar tarqalganligi aniqlangan. Aqto‘be viloyatning 12 tumanida 281 ming gektar yerga ishlov berilgan. Qo‘stanay viloyatining 5 tumanida 29,4 ming gektar maydonda kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan.

«Biz hech qachon bu yilgidek katta chigirtkalar to‘dasining tarqalishiga duch kelmagandik. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Davlat nazorat qo‘mitasiga barcha protsessual masalalarni zudlik bilan yakunlab, kerakli texnikalarni zarur bo‘lgan hududlarga jo‘natishni topshiraman. Tig‘iz paytlarda haftasiga ikki marta shtab yig‘ilishlari o‘tkazamiz», — deya xulosa qilgan Serik Jumangarin.

Mavzuga oid