Jahon | 15:33 / 12.06.2024
6162
4 daqiqa o‘qiladi

BMT hisoboti: Isroil va HAMAS urush jinoyatlarida aybdor

BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroil keskin tanqid qilingan hisobotni taqdim etdi.

Foto: BMT

BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiyasi Isroil va bir qancha Falastin tashkilotlarini urush jinoyatlarida aybladi. Komissiyaning 12 iyun, chorshanba kuni taqdim etilgan hisobotida aytilishicha, Isroil «insoniyatga qarshi jinoyatlarni, falastinlik erkak va o‘g‘il bolalarni yo‘q qilish, o‘ldirish, jinsiy ta’qib qilish, majburan ko‘chirish, qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va shafqatsiz munosabatni» sodir etgan.

Komissiya, shuningdek, HAMAS va boshqa olti Falastin qurolli guruhining 7 oktyabr kungi harakatlari, shuningdek, Isroilga qarshi davom etayotgan raketa hujumlari ham urush jinoyati sifatida baholanganiga diqqat qaratdi. Hujjatda «HAMAS va Falastin qurolli guruhlari raketa hujumlarini zudlik bilan to‘xtatib, barcha garovga olinganlarni ozod qilishlari kerak», deyiladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, G‘azoda tinch aholi orasida «katta» qurbonlar, fuqarolik obektlari va infratuzilmalarining keng miqyosda vayron bo‘lishi Isroilning farqlash, mutanosiblik va ehtiyotkorlik tamoyillarini e’tiborsiz qoldirib, maksimal zarar yetkazish niyatida amalga oshirgan strategiyasining muqarrar natijasidir.

Isroil komissiyani noxolislikda aybladi

Komissiya raisi, BMTning inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari Navi Pilley aytishicha, Isroil zudlik bilan o‘z jangovar harakatlarini to‘xtatishi, HAMAS esa Isroil hududiga raketa otishni bas qilishi kerak.

Hujjat mualliflariga ko‘ra, Tel-Aviv komissiyaning tekshiruvlari va jangovar hududga kirishiga to‘sqinlik qilgan. BMT matbuot xizmati ushbu hisobot 19 iyun kuni Jyenevada bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari kengashining 56-sessiyasida davlatlarga taqdim etilishini ma’lum qildi. 

Isroilning Jyenevada BMT Inson huquqlari kengashidagi elchisi Meyrav Shadar komissiyani Isroilga qarshi noxolislikda aybladi. «Bu uning barcha harakatlari Isroilga qarshi qaratilgan siyosiy rejaga xizmat qilishini yana bir bor isbotladi», dedi Shadar.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 37 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid