Jahon | 08:34 / 12.06.2024
2284
3 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg «Buxarest to‘qqizligi»ni qo‘llab-quvvatlash davom etishini aytdi

«NATO har bir ittifoqchini himoya qilish uchun kuch, resurslar, imkoniyatlar va siyosiy irodaga ega», dedi alyans bosh kotibi Rigadagi «Buxarest to‘qqizligi» sammitida.

Foto: Alexander Welscher/dpa/picture alliance

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida alyansning sharqiy qanotidagi mamlakatlarga yana qo‘llab-quvvatlov haqida va’da berdi. «NATO har bir ittifoqchini himoya qilish uchun kuch, resurslar, imkoniyatlar va siyosiy irodaga ega», dedi u 11 iyun, seshanba kuni Rigada NATOning to‘qqizta Sharqiy Yevropa davlati sammitida («Buxarest to‘qqizligi», B9). 

Shimoliy Atlantika alyansining yangi a’zolari – Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va Finlandiya prezidenti Aleksander Stubb ham ishtirok etgan yig‘ilish iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi. «Biz Vashingtondagi sammitdan NATOning tiyib turish va mudofaa qobiliyati yanada kuchayishini kutayotganimiz haqida kelishib oldik», dedi Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs. Uning ta’kidlashicha, maslahatlashuvlar chog‘ida Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilingan.

Polsha prezidenti Anjyey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda NATO sharqiy qanoti alohida vaziyatda, chunki bu mintaqa alyans mamlakatlariga qarshi ehtimoliy tajovuzdan himoya tayanchi va chizig‘i hisoblanadi, lekin ayni paytda u eng katta xavfga ham duchor bo‘lmoqda.

NATOning sharqiy qanotida va Stoltenberg ta’kidlaganidek, «oldingi chiziq»da joylashgan «Buxarest to‘qqizligi» davlatlari Ukrainaning eng ashaddiy tarafdorlaridir. Moskva bilan yaqin aloqalarni davom ettirayotgan Vengriya bundan mustasno. Rigadagi uchrashuvda Vengriya va Slovakiya boshqalar kabi davlat yoki hukumat rahbarlari emas, balki elchilar darajasida qatnashdi. 

B9 guruhi Polsha va Ruminiya tashabbusi bilan 2014 yilda Ukrainaning Qrim yarimoroli Rossiya tarkibiga qo‘shilganidan keyin tashkil etilgan. Unga Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va uchta Boltiqbo‘yi davlati - Latviya, Litva va Estoniya kiradi. 

Mavzuga oid