Jahon | 11:10 / 14.06.2024
2735
4 daqiqa o‘qiladi

WSJ jurnalisti Evan Gershkovichning ishi sudga taqdim etildi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil mart oyida amerikalik jurnalist Evan Gershkovich «MRB ko‘rsatmasi bilan» Sverdlovsk viloyatidagi «Uralvagonzavod» faoliyati haqida maxfiy ma’lumotlarni to‘plagan.

Foto: AP

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Amerikaning The Wall Street Journal nashri muxbiri, josuslikda ayblanayotgan Evan Gershkovichning jinoiy ishi bo‘yicha ayblov xulosasini tasdiqladi. Bu haqda 13 iyun, payshanba kuni nazorat idorasi matbuot xizmati Telegram-kanalida ma’lum qildi

«Tergov The Wall Street Journal gazetasining amerikalik jurnalisti Gershkovich Markaziy razvedka boshqarmasi ko‘rsatmasi bilan 2023 yil mart oyida Sverdlovsk viloyatida «Uralvagonzavod» mudofaa korxonasi ishlab chiqarish va ta’mirlash bo‘yicha faoliyati to‘g‘risida maxfiy ma’lumotlarni to‘plaganini aniqladi va hujjatlashtirdi», - deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida. Ta’kidlanishicha, Gershkovich «maxfiylik choralariga» ham amal qilgan.

Dastlabki tergovni Rossiya «FSB»ning Tergov boshqarmasi olib bordi. Jinoiy ish mazmunan ko‘rib chiqish uchun Sverdlovsk viloyat sudiga yuborilgan. 

WSJ muxbiri Gershkovichning Rossiyada ta’qib qilinishi

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yilning 29 martida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va keyinchalik josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalariga binoan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, nashr ham ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi. 

AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistning ota-onasiga umidini uzmasligiga va’da berdi. «Biz Rossiyaning amerikaliklardan savdo vositasi sifatida foydalanishga bo‘lgan dahshatli urinishlarini qoralashda va jazolashda davom etamiz. Erkin jamiyat ustuni bo‘lgan matbuotga hujum qilish yoki jurnalistlarni ta’qib qilishga intilayotgan har qanday shaxsga keskin qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz». 

Gershkovichni Vadim Krasikovga almashtirish muhokamasi 
 
Joriy yilning fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni «yaxshi niyat belgisi sifatida» ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi. 

The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Krasikovning ismi Rossiyada josuslikda ayblanib sudlangan AQSh fuqarolari Pol Uilan va jurnalist Evan Gershkovichni almashish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida tilga olingan.

Mavzuga oid