Sport | 07:59 / 17.06.2024
23051
11 daqiqa o‘qiladi

Yevroda ilk sensatsiya va mushtlashuvlar. Uchinchi kun o‘yinlari

Uch yil oldingi chempionatda yuragi to‘xtab qolgan Eriksen gol urdi. Turnirda ilk durang qayd etildi.

16 iyun kuni S guruhidagi ikki uchrashuv hamda D guruhida bir o‘yin bo‘lib o‘tdi. Turnirning uchinchi kunida maydon tashqarisida ham voqealar ko‘p bo‘ldi. Kimlar pley-offga yaqinlashdi, kimlarda muammolar yuzaga keldi? Quyida shu haqda.

D guruhi

Cho‘kich + Molotov kokteyli = otishma va shifoxona

Polsha va Niderlandiya uchrashuvidan oldin aql bovar qilmas hodisa ro‘y berdi. Hamburgda cho‘kich (!) va yonuvchi suyuqlik solingan butilka ko‘targan shaxs niderlandiyalik muxlislar orasiga yorib kirishga urindi. Uni zarbani o‘ziga qabul qilgan politsiyachilar to‘xtatishdi. Ushbu muxlisni alohidalashga urinishdi, u esa huquq-tartibot organlari xodimlariga tashlanib qoldi. Natijada uni otib tashlashga to‘g‘ri keldi va jinoyatchi jarohatlangan holda shifoxonaga olib ketildi.

Veghorst yana xaloskor rolida

Polsha – Niderlandiya - 1:2
Gollar:
1:0 – 16 Buksa, 1:1 – 29 Gakpo, 1:2 – 83 Veghorst.
Polsha – Shchensni, Salamon (Bereshinski, 86), Bednarek, Kiver, Frankovski, Zalevski, Zelinski (Petrovski, 78), Romanchuk (Slish, 55), Shimanski (Moder, 46), Urbanski (Sviderski, 55), Buksa.
Niderlandiya – Verbryuggen, Dumfris, de Vrey, van Deyk, Ake (van de Ven, 87), Shauten, Verman (Veynaldum, 62), Reynders, Simons (Malen, 62), Gakpo (Frimpong, 81), Depay (Veghorst, 81).

Turnir arafasida qator yo‘qotishlarga uchragan Polsha Niderlandiya uchun oson raqib bo‘lishi kutilayotgandi. Ammo o‘yinda hisobni 16-daqiqadayoq aynan polshaliklar ochishdi, Adam Buksa Zelinskining olis ustun tomon uzatmasini golga aylantirdi. O‘yinning birinchi bo‘limida niderlandlar zarbalar bo‘yicha 14–4 hisobida ustunlikka erishdi, ammo o‘yinning eng faol futbolchisi Kodi Gakpo o‘zining vaziyatlarining faqat bittasidan foydalana oldi. 

Ronald Kuman jamoasi Vaut Veghorst tufayli kambek amalga oshirdi – u «to‘qsariqranglilar»ni 2022 yilgi jahon chempionati yarimfinalida Argentina bilan o‘yinda ham 0:2 hisobidan olib chiqqandi. Bu safar ham ulkan gavdali hujumchi zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va to‘pga birinchi teginishdayoq Voysex Shchensni darvozasini ishg‘ol etdi. 

Polsha ham o‘yin oxirida faollashdi, ammo javob qaytarishning imkoni bo‘lmadi. Jamoa safida Robert Levandovski baribir maydonga tushmadi. U keyingi turda Fransiya bilan o‘yinda qatnashishi mumkin. Niderlandiya esa bu turnirda ham uzoqqa bora olishini ko‘rsatdi.

S guruhi

Daniya kutilmaganda Sloveniya ustidan g‘alabani boy berdi

Sloveniya – Daniya 1:1
Gollar:
0:1 – 17 Eriksen, 1:1 – 77 Yanja.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich (Verbich, 67), Karnichnik, Drkushich, Biyol, Yanja, Gnezda-Cherin, Elshnik (Gorens-Stankovich, 76), Shporar, Sheshko, Mlakar (Tselar, 75).
Daniya – Shmeyhel, Ba, Vestergor, Kristensen, Andersen, Kristiansen (Mele, 78), Eriksen, Heyberg (Nergor, 84), Yulmand (Dileyni, 89), Vind (Dolberg, 83), Hoylund (Poulsen, 83).

Turnirda ilk durang qayd etildi. Va bu kutilmaganda ro‘y berdi. Oldingi turnir sovrindorlari bo‘lgan daniyaliklar Sloveniya bilan uchrashuv favoriti edi, ammo faqat bitta gol urishdi – shu tufayli hisob o‘yin oxiriga qadar qaltis bo‘lib turdi. Sloveniyaliklar esa ikkinchi bo‘limga butunlay boshqacha ruhda tushishdi: jamoa oldinga o‘ta boshladi, tashabbusni qo‘lga oldi va o‘z kuchi bilan muvozanatni tikladi. Qizig‘i, yakunda ular g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi. Roppa-rosa 1100 kun muqaddam, Yevro-2020 o‘yinida o‘lim yoqasidan qaytgan Kristian Eriksen urgan gol esa Daniyaga faqat bir ochko keltirdi. Odatda bunday voqealar jamoaga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlashi kerak edi, ammo bu safar bunday bo‘lmadi.

Gelzenkirhenda qonli to‘qnashuv

Serbiya va Angliya uchrashuvi arafasida ushbu jamoalar muxlislari Gelzenkirhenning markaziy ko‘chalaridan birida o‘zaro mushtlashdi. Britaniya mediasi to‘qnashuv ehtimoli haqida yozgandi va bu ro‘y berdi. Barchasi barda boshlangan, ammo mojaro ko‘lami tezda kengaygan va ko‘chada ikki tomon bir-biriga qo‘liga ilingan buyumlarni – stol va stullarni ota boshlagan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan fotosuratlarga ko‘ra, qon ham to‘kilgan. Angliya nashrlari «qora balaklavalarda burchaklardan chiqib kelgan» serblar birinchi bo‘lib hujum qilishgani, shundan keyin har tomonga stullar va butilkalar ucha boshlagani haqida yozgan. Voqea joyiga tartibsizlikni to‘xtatish uchun 200 nafar politsiyachi yetib kelgan. Angliyaliklardan biri Mirror uchun intervyusida barchasi «yo‘q joydan boshlangani»ni aytgan.

Bungacha serblar albanlar bilan ham to‘qnashgandi. Ularning o‘ttiz kishilik (ular ham qora niqoblarda bo‘lgan) guruhi pabda hujum uyushtirgan. Tajribali fanatlarning so‘zlariga ko‘ra, hujum oldindan rejalashtirilgan bo‘lgan: chunki ultras birinchi duch kelgan guruhga shunchaki hujum boshlamaydi.

Angliya o‘z uslubida

Serbiya – Angliya 0:1
Gol:
0:1 – 13 Bellinghem.
Serbiya – Raykovich, Velkovich, Milenkovich, Pavlovich, Kostich (Mladenovich, 43), Gudel (Ilich, 46), Milinkovich-Savich, Lukich (Yovich, 61), Jivkovich (Birmanchevich, 74), Mitrovich (Tadich, 61), Vlahovich.
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer, Aleksander-Arnold (Gallaher, 69), Rays, Foden, Bellinghem (Maynu, 86), Saka (Bouen, 76), Keyn.

Angliya shubhasiz favorit edi. Oldingi Yevro finalchisi hamon o‘z tarixida ilk bor qit’aning asosiy turnirida g‘olib bo‘lishni orzu qilmoqda va Garet Sautgeyt navbatdagi marta yirik turnirga top-tarkib bilan kelmoqda. Lekin tarkibda hali ham barchasi oxirigacha aniq emas: hujumning o‘ng qanotida Palmer, maydon markazida — Gallaher yoki Maynu tushishi ham mumkin edi. Ammo Sautgeyt bu pozitsiyalar uchun ehtimoli yuqori variantlarni tanladi: Saka o‘zining o‘ng qanotida chiqdi, Aleksander-Arnold maydon markazida Rays bilan juftlik hosil qildi. Ularning ikkisi ham tanaffusga qadar muhim rol o‘ynashdi.

O‘yin kutilganidek boshlandi. Angliya to‘pga egalik qildi, uni sabr bilan olib yurdi va serblarning uch markaziy himoyachidan iborat tig‘iz sxemasida bo‘shliqlar paydo bo‘lishini kutishdi. 13-daqiqada esa birinchi jiddiy hujum gol bilan yakunlandi: Saka oshirib berdi, Bellinghem havoda to‘p uchun kurashda ustun kelib, Yevropa chempionatlaridagi ilk golini urdi.

Angliya tanaffus ikkinchi golni ham urishi va o‘yin masalasini tanaffusga qadar hal qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo Sautgeyt jamoa boshqaruvidagi sakkiz yili davomida keraksiz vaqtda tempni tushirib yuborishi uchun tanqid qilinadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi: Angliya tinchlandi va Serbiyada vaziyatlar paydo bo‘la boshladi: 20-daqiqada Trent o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida xato qildi, Mitrovich yaqin burchakni nishonga oldi — to‘p biroz xato ketdi. Ko‘p o‘tmay Aleksander-Arnold xatosini yuvib, maydon markazida raqibdan to‘pni olib qo‘ydi va Uokerni oldinga tashladi — Kayl vaziyatdan foydalana olmadi.

Birinchi bo‘lim oxirida Kostich jarohat olib, 43-daqiqada uning o‘rniga Mladenovich tushdi. Va serblar himoyachisi tanaffusga qadar to‘pga to‘qqiz marta tegindi. Bu nima uchun muhim? Shuning uchunki, Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar Harri Keyn birinchi bo‘limdagi 45 daqiqa davomida to‘pga atigi ikki bor tegingan va bu borada hatto bir necha daqiqa o‘ynagan Mladenovichdan ham ortda qolgan. Inglizlar sardori amalda o‘yindan butunlay uzilib qoldi, lekin raqiblar uni qo‘riqlashga e’tibor qaratganida Bellinghem hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘lim serblarning butun maydon bo‘ylab kuchli pressing uyushtirishi bilan boshlandi — ular bor kuchi bilan o‘ynashga qaror qildi va inglizlarni ularning jarima maydoni atrofida qarshi ola boshladi. Britaniyaliklar buni kutmagan bo‘lishi mumkin, lekin tayyor edi: «Manchester Siti», «Arsenal», «Liverpul» APLning boshqa klublari futbolchilari bosim ostida o‘ynashga ko‘nikkan, shu tufayli uni katta qiyinchiliksiz yengib chiqa boshladi. Ammo hujumda ishlar o‘xshamadi.

Angliya oldinda haddan tashqari passivlik qildi — xuddi raqib Germaniya yoki Ispaniya bo‘lib, qo‘shimcha bo‘limlar kelishini kutayotgandek. Ammo maydonning narigi tomonida har bir chiziq bo‘yicha britanlardan ortda turadigan Serbiya futbolchilari edi.

Va bolqonliklar ham o‘ynashga qo‘yib berilganidan foydalana olmadi. Serbiya mudofaada deyarli ideal harakat qildi, ammo hujumda hech narsaga erisha olmadi. Faqat o‘yin oxirida serblar uzoqdan gol urishga harakat qilishdi va vaziyatlardan birida Pikford o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, ammo bu urinishlar durang uchun ham yetarli bo‘lmadi.

Sautgeyt esa xuddi bolqonliklar ustidan ham, muxlislar ustidan ham kulgandek taassurot uyg‘otdi. U Gelzenkirhenga yig‘ilgan muxlislarning hushtakbozliklarini eshitmaganga oldi va o‘yinni o‘zgartirmadi. Murabbiylar shtabi faqat mudofaa maqsadida o‘yinchi almashtirishlar amalga oshirdi va 1:0 hisobini ushlab turishga e’tibor qaratdi. 

Ammo g‘oliblar tanqid qilinmaydi. Turnir favoritlaridan biri zerikarli o‘ynab bo‘lsa ham, kuch tejab uch ochkoni qo‘lga kiritdi va oldinga yurishda davom etadi. Endi inglizlar keyingi turda Daniyani yengib, muddatidan oldin guruh masalasini hal qilishi mumkin. Serbiya esa Sloveniya bilan o‘yindagi g‘alaba orqali o‘z imkoniyatini yaxshilab olsa bo‘ladi, inglizlarga qarshi o‘yindagi minimal hisob jamoaga tur o‘yinlari yakunida qo‘l kelishi ham mumkin.

S guruhida 2-tur o‘yinlari

Sloveniya — Serbiya, 20 iyun, 18:00.
Daniya — Angliya, 20 iyun, 21:00.

Mavzuga oid