Jamiyat | 20:54 / 19.06.2024
16630
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda tom baravar taxlangan un qoplari ayolni bosib qoldi

Voqea 18 iyun kuni kechga yaqin Navoiy shahridagi Markaziy dehqon bozorida sodir bo‘lgan. Tirik qolgan ayol shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va bir kun o‘tib o‘ziga kelgan. Jabrlanuvchining yaqinlari IIB xodimlari va boshqa mas’ullar holatga e’tiborsiz bo‘layotganidan norozi.

Foto: Kun.uz

Navoiy shahridagi Markaziy dehqon bozorida sotish uchun tom baravar taxlab qo‘yilgan un qoplari 44 yoshli ayolni bosib qoldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Jabrlanuvchining yaqinlariga ko‘ra, savdo do‘konida sotish uchun keltirilgan un qoplari baland qilib taxlab qo‘yilgan. Ushbu holat bo‘yicha savdo do‘koni egasiga qo‘shni do‘kon egalari va xaridorlar tomonidan bir necha bor e’tiroz bildirilgan. Ammo do‘kon egasi baribir xavfsizlik talablariga rioya qilmagan.

“Holat yuzasidan hatto soliq organlariga, IIB xodimlariga bir necha bor murojaat qilingan, ammo natija bo‘lmagan. Bozor bo‘lgach o‘tib qaytuvchi ham ko‘p bo‘ladi. Agar biror yosh bolaning ustiga qulaganida nima bo‘lardi?” deydi ayolning Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan qarindoshlaridan biri.

Manbaga ko‘ra, un qoplari qo‘shni do‘kon sotuvchisi bo‘lgan 44 yoshli ayolning ustiga qulagan. Zudlik bilan qutqarib olinib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan ayol bir kun o‘tib o‘ziga kelgan.

Ayolning yaqinlari IIB ham, boshqa tegishli mas’ullar ham holatga e’tiborsiz bo‘layotganidan norozi.

“102” qildik, ammo IIB xodimlari ham, boshqa mas’ullar ham xabar olmadi. Bular harakatga tushishi uchun kimdir o‘lishi kerakmi, hayronmiz. Hatto shu holat bo‘lganidan keyin ham un qoplari pasaytirilmadi, yana tom tengi qilib qayta taxlab qo‘yishdi”, deydi jabrlanuvchining yaqinlaridan biri.

Hozirda ayol o‘ziga kelgani, ammo uning jarohati og‘ir ekani aytilmoqda.

Mavzuga oid