O‘zbekiston | 17:17 / 19.06.2024
9357
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ichimlik suvga mashina yuvgan 63 yoshli ayol jarimaga tortildi

Ayol vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzishda aybdor deb topilgan. U sudga ariza kiritib, katta miqdordagi jarimani to‘lashga imkoni yo‘qligini bildirgach, unga hisoblangan 3,4 mln so‘mlik jarima sud qarori bilan 680 ming so‘mga o‘zgartirilgan.

Toshkent shahrida ichimlik suvga mashina yuvgan ayol jarimaga tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud qarorida keltirilishicha, 1961 yilda tug‘ilgan B.M. Yakkasaroy tumanidagi yashash xonadoni oldida o‘zining shaxsiy mashinasini toza ichimlik suvdan foydalangan holda yuvayotgani aniqlangan. Unga nisbatan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan 3,4 mln so‘m jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Huquqbuzar B.M. sudga ariza kiritib, katta miqdordagi jarimani to‘lashga imkoniyati yo‘qligini, nafaqaxo‘rligini, qilgan xatti-harakatidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirgan. U suddan oilaviy sharoitini inobatga olgan holda jarima miqdorini kamaytirib berishni so‘ragan.

Sud B.M.ning harakati Jinoyat kodeksining 163-moddasi 1-qismi (vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan. Sud qarori bilan unga nisbatan tayinlangan 3,4 mln so‘mlik jarima o‘zgartirilgan va ayolga qilmishi uchun BHMning 2 baravari, ya’ni 680 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasida vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, vodoprovod tarmoqlariga (suv ta’minoti tarmoqlariga) o‘zboshimchalik bilan ulanish hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish, yer ishlari va boshqa ishlarni bajarayotganda vodoprovod tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, basharti bu hol ularning shikastlanishiga sabab bo‘lsa yoxud sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid