Jahon | 18:53 / 21.06.2024
6389
2 daqiqa o‘qiladi

Bolqon davlatlarida jazirama tufayli elektr energiyasi ommaviy o‘chirildi

Chernogoriya, Bosniya, Albaniya va Xorvatiya elektr energiyasi ta’minotida jiddiy muammolarga duch keldi. 

Foto: AP

20 iyun kuni Chernogoriya, Bosniya, Albaniya va Xorvatiyaning katta qismida elektr energiyasi ta’minotida ommaviy uzilishlar sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, ommaviy uzilishlar jazirama bilan bog‘liq: shu kunlarda mamlakatlarda havo harorati Tselsiy bo‘yicha 40 darajaga yaqinlashgan. 

«Chernogoriyaning deyarli butun hududi tarmoqdagi uzilishlar tufayli elektr energiyasiz qoldi», deyiladi xabarda. 

Shuningdek, Bosniya va Hersegovina poytaxti Sarayevo hamda Banya-Luka va Mostar shaharlari ham elektr energiyasiz qolgan. Mahalliy OAV mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi ommaviy uzilishi haqida xabar bergan. 

Xorvatiyaning Adriatika dengizi qirg‘oqlarining ko‘p qismida ham elektr ta’minoti yo‘qolgan. Xorvatiyaning HEP energetika kompaniyasi mamlakatning ayrim hududlarida elektr o‘chirilishiga «xalqaro uzilishlar» sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. 

Dengiz bo‘yidagi Split shahrida svetoforlar ishlamay qolganidan keyin transport harakati to‘xtagan. Butun shahar bo‘ylab tez yordam sirenalari eshitilmoqda, deb yozdi agentlik. 

Albaniyadagi bir qator shaharlar, jumladan, poytaxt Tiranada elektr energiyasi uzilgan. Bunga Chernogoriyadan keladigan energiya liniyasining nosozligi sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda. 

Elektr liniyalarining haddan tashqari yuklama bilan ishlashi nosozlik sababi bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid