Jahon | 10:41 / 21.06.2024
20180
4 daqiqa o‘qiladi

Xususiy mulk daxlsizligi. Narita aeroportining ichida yashovchi fermer

Takao Shito – yaponiyalik fermer. U Tokiodagi eng katta aeroportning o‘rtasida sabzavot yetishtiradi. Fermer aeroport ma’muriyati bilan bir necha marotaba sudlashgan va boshqa joyga ko‘chish evaziga taklif qilingan katta miqdordagi tovon pulini rad etib keladi.  

Narita – Yaponiyaning eng katta ikkinchi aeroporti. Bu yerda yiliga 250 mingdan ortiq parvoz va qo‘nishlar amalga oshiriladi va 40 mlnga yaqin yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.

Ushbu aeroport qurilishi oldidan Yaponiya hukumati va mahalliy aholi o‘rtasida kuchli ziddiyat kelib chiqadi. Shunga qaramay, 1978 yilda Narita xalqaro aeroporti ochildi. Norozilik namoyishlari to‘xtamadi. Buning oqibatida hattoki bir necha politsiyachi va fermer halok bo‘ladi.

Aeroport 2002 yilgacha faqat bitta uchish-qo‘nish yo‘lagi bilan ishlagan. Shundan so‘ng ayrim yer egalaridan atrofdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sotib olinib, ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi ochiladi.

Mazkur hududda yashovchi fermer Takao Shito ko‘chib o‘tishdan bosh tortadi. U tirikchiligi yer bilan bog‘liqligini ta’kidlab, o‘ziga tegishli mulkni hukumatga topshirmaydi. Yaponiyaning «Qishloq xo‘jaligi yerlari to‘g‘risida»gi qonuniga asoslanib, fermerlarga huquqiy himoya ko‘rsatiladi. Yakunda aeroportning ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagiga olib boruvchi yo‘nalish o‘zgartiriladi va Shitoning fermasi atrofini aylanib o‘tadigan qilib, qayta loyihalashtiriladi.

Tabiiyki, vaqt o‘tgan sayin yuk tashish miqdorining oshib borishi aeroport hududini kengaytirishni taqozo etadi. Fermer hozirgacha aeroport ma’muriyati bilan bir necha marotaba sudlashgan va boshqa joyga ko‘chish evaziga tovon puli olishdan bosh tortib keladi.

Takao fermer xo‘jaligiga borishda o‘zi uchun maxsus qurilgan yerosti tunnellaridan foydalanadi. 

Nega Shito boshqa joyga ko‘chishni xohlamaydi?

Aeroport o‘rnida qishloq bo‘lgan. Mahalliy aholi hukumat bergan taklifni qabul qilib, bu yerdan ko‘chib ketgan. Shitoga ham 1,7 mln dollar taklif qilingan. Fermer barcha takliflarni rad etib kelishiga bir qancha sabablarni keltiradi. Uning bir necha avlodlari bu yerda 100 yildan ortiq vaqtdan beri oziq-ovqat yetishtirishadi. Bobosi dehqon bo‘lgan, otasi va o‘zi ham uning izidan borgan.

«Gap pulda emas. Men organik dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Siz tuproqning yuqori unumdor qatlamini boshqa joyga ko‘chira olmaysiz. Yoki boshqa yerda ham xuddi shunday tuproqni topa olmaysiz», deb tushuntirdi fermer.

Ajablanarlisi shundaki, tinimsiz samolyotlar qatnovi amalga oshirilishiga qaramay, havo va suv sifati monitoringi aeroport yaqinidagi dehqonchilik hududlarida ifloslantiruvchi moddalarning yuqori darajasini ko‘rsatmaydi.

Shito o‘z yerida baxtli ekanini va Tokioda uning organik mahsulotlarini sotib oladigan 400 ga yaqin mijozlari borligini aytadi.

«Men bu yerda dehqonchilik qilishdan zavqlanaman. Bu mening hayotim. Bu yerdagi tuproqda yetishtirilgan sabzavotlarning ta’mi boshqacha», deydi u.

Ma’lumki, Yaponiyada aholi zichligi yuqori va o‘zlashtirilmagan yerlar kam. Shu jihatdan mamlakatda katta miqdordagi xususiy yerga ega bo‘lish juda qiyin.

Shito jangni to‘xtatish niyatida emas. Fermerni pul qiziqtirmaydi. Agar sud aeroport foydasiga qaror chiqarmasa, yuzlab samolyotlar qurshovida bo‘lsa ham o‘z yerida ishlashni davom ettirishga tayyor. Takao hukumat uni yeridan majburan chiqarib yubormasligi uchun doimiy ravishda qonuniy kurashlarga kirishadi. Hozirgacha u muvaffaqiyatga erishib kelyapti.

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid