Jahon | 23:31 / 23.06.2024
43773
5 daqiqa o‘qiladi

Dog‘istonda qurolli hujum. Asosiy ma’lumotlar

Bir vaqtning o‘zida Dog‘istonning ikki shahrida - Derbent va Mahachqal’ada qurollangan jangarilar pravoslavlar ibodatxonasiga hamda sinagogga hujum qildi. Politsiyachilar halok bo‘lgan va yaralangan.

Foto: Videodan kadr

23 iyun kuni kechqurun Derbentda Lenin ko‘chasida joylashgan Bibi Maryam pravoslav cherkoviga hujum amalga oshirildi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib xabar bergan Baza telegram-kanali guvohlarga asoslanib yozishicha, ibodatxona hududida o‘q ovozlari eshitilgan va tutun ko‘tarilgan, Derbent politsiyasi butun tarkibda trevoga bo‘yicha chaqirilgan.

RF Ichki ishlar vazirligining Dog‘iston bo‘yicha boshqarmasi taxminan soat 18:00 da Derbentda avtomatik qurollar bilan pravoslav ibodatxonada, shuningdek mahalliy sinagog binosi hududida o‘t ochilgani haqida xabar bergan. Jinoyatchilar oq rangli, Volkswagen Polo rusumli avtomobilga minib, voqea joyidan yashiringan. Telegram-kanallarda politsiyachilar avtomobili o‘qqa tutilgani, shuningdek sinagog binosi olov ichida qolgani aks etgan videolar tarqaldi.

Derbentdagi hujum bilan deyarli bir vaqtda Dog‘iston poytaxti Mahachqal’a shahrining Yermoshkin ko‘chasida joylashgan sinagogda ham yong‘in boshlangani ma’lum bo‘ldi. Voqea joyida olingan videoda sinagogning uchinchi qavati derazasidan atrofga tutun tarqalayotgani aks etgan.

Dog‘iston IIV ham jangarilar Derbent bilan parallel ravishda region poytaxtiga hujum uyushtirganini tasdiqladi: «Mahachqal’ada noma’lum shaxslar Yermoshkin ko‘chasida yo‘l-patrul xizmati postini o‘qqa tutdi». Mahachqalada ham, xuddi Derbentda bo‘lgani kabi, «Perexvat» rejasi e’lon qilingan. Mahachqalada olingan videolardan birida qora kiyimdagi jangarilar atrofdan o‘tayotgan politsiya avtomobilini avtomatdan o‘qqa tutayotganini ko‘rish mumkin.

Respublika muftiysi bergan ma’lumotga ko‘ra, hujum qilganlar bilan otishmalar vaqtida 9 kishi halok bo‘lgan, shundan 7 nafari politsiyachilar. Kamida 25 kishi yaralangan. Baza esa Derbentda «sinagog xizmatchilari» halok bo‘lganini xabar qilgan.

Dog‘iston Jamoatchilik nazorati komissiyasi raisi Shamil Xadulayev o‘z telegram-kanalida unga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, «Derbentdagi cherkovda Nikolay otani (gap protoiyerey Nikolay Kotelnikov haqida bormoqda) bo‘g‘izlab o‘ldirishgani» haqida yozgan: «U 66 yoshda edi, xasta edi. Mahachqal’a-1 cherkovi qo‘riqchisi, faqat gazli to‘pponcha bilan qurollangan Mixail otib tashlangan». Ruhoniyning o‘limi to‘g‘risidagi ma’lumotni Milliy aksilterror qo‘mitada ham tasdiqlashgan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, jangarilarning harakatlari tufayli kamida 16 kishi jabrlangan.

Qo‘mitadagilar Dog‘istonda «fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, terrorchilik jinoyatlariga barham berish hamda qurolli hujumga aloqador shaxslarni ushlash maqsadida» aksilterrorchilik amaliyotlari rejimi (KTO) joriy etilgani haqida ma’lum qilgan.

Mash telegram-kanali Mahachqal’adagi pravoslav ibodatxonasida 40 ga yaqin kishi garovda ushlab turilgani haqida xabar tarqatgan. Dog‘iston IIV buni rad etgan. «Hech qanday garovdagilar yo‘q! 19 kishi bino ichkarisida, o‘z xavfsizligi uchun qamalib qolgan. Ular allaqachon xavfsizlikda, mazkur hudud tozalangan!», deyiladi respublika IIV xabarida.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov «kechqurun Derbent va Mahachqal’ada noma’lum shaxslar jamiyatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga uringani» haqida aytgan. «Dog‘iston politsiyasi xodimlari ularning qarshisiga chiqishdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida jabrlanganlar bor. Barcha xizmatlar instruksiyaga muvofiq harakatlanmoqda. „Perexvat“ rejasi e’lon qilingan. Hujum qilganlarning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda», — deya xabar qilgan region rahbari.

RF tergov qo‘mitasi «Terrorchilik akti» (RF jinoyat kodeksi 205-moddasi) moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. «Hodisaning barcha tafsilotlari va teraktlarga aloqador shaxslar aniqlanmoqda, ularning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Voqea joyida tergovchilar hamda tergovchi-kriminalistlar ishlamoqda», — deyiladi idora xabarida.

Dog‘iston IIV Mahachqal’ada qurollangan shaxslar politsiyachilarga o‘t ochayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan. Ko‘p o‘tmay bu shaxslarning ikkisi ham otishmada o‘ldirilgani aks etgan boshqa bir video paydo bo‘ldi.

Dog‘iston IIVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Mahachqal’ada to‘rt nafar terrorchi yo‘q qilingan. 

Shuningdek, telegram-kanallarda Mahachqal’adagi «Beryozka» plyajida ikki nafar terrorchi qo‘lga olingani haqida rolik tarqalgan.

 

Mavzuga oid