Jahon | 18:28 / 24.06.2024
25431
3 daqiqa o‘qiladi

Haj mavsumida vafot etganlar sonining ko‘pligi sabablari ma’lum qilindi

Saudiya Arabistoni rasmiylarining ma’lum qilishicha, bu yil Makkadagi Haj vaqtida kamida 1301 nafar ziyoratchi vafot etgan. Ko‘pchilik jazirama quyoshda haddan tashqari isib ketishdan joni uzilgan. 

Foto: AP

Saudiya Arabistonining SPA rasmiy axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, vafot etganlarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘ida Haj ruxsatnomasi bo‘lmagan. Hajda jami 1 million 830 mingga yaqin ziyoratchi qatnashgan bo‘lsa, shundan 1 million 600 mingdan ortig‘i xorijdan kelgan. 

Hajda o‘limlar sonining ko‘pligi haddan tashqari issiq ob-havo sharoiti bilan izohlanmoqda. Bu haqda BBC yozdi. Xususan, Makkada soyadagi havo harorati 51 darajadan oshib ketgan va kechasi faqat vaqti-vaqti bilan 40 darajadan pastga tushgan. 

Ko‘plab ziyoratchilar, ayniqsa keksalar yoki kasallar, soya topib bo‘lmaydigan keng ochiq joylarda jazirama bilan kurashgan. Ayrim ziyoratchilarning Hajga noqonuniy, tegishli ruxsatnomasiz kelgani ham ularning tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ygan. 

Qayd qilinishicha, ruxsatnomasi bo‘lmagan ziyoratchilar yordamga muhtoj bo‘lsa ham, jazolanishdan qo‘rqib, rasmiylarga murojaat qilishdan qochgan bo‘lishi mumkin, bu esa transport oqimini boshqarish va tibbiy yordam ko‘rsatishni qiyinlashtirgan. Bu Haj vaqtida o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishining asosiy omillaridan biri, deb hisoblanmoqda. 

Arab diplomatlaridan biri bergan ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lgan 630 nafardan ortiq misrliklarda tegishli ruxsatnoma bo‘lmagan. Saudiya Arabistoni rasmiylari noqonuniy ziyoratga qarshi kurashishga harakat qilmoqda. Ammo qanchalik muvaffaqiyatli ekani noma’lum. 

Ziyoratchilarning keksa, nogiron yoki surunkali kasali borligi yana bir omil sifatida ko‘rsatilgan. Ko‘pchilik ziyoratchilar umrining oxirida Haj ziyoratiga boradi, ba’zilar Haj safarida «o‘lish baxtiga muyassar bo‘lish»dan umidvor bo‘ladi. Masalan, Bangladeshdagi musulmonlar jamoati Haj vaqtida o‘limni katta yutuq deb biladi, chunki bu marhumga alohida maqom beradi. Saudiya Arabistonidagi Al-Boqiy qabristoniga Muhammad payg‘ambar asos solgani aytiladi, bu uni musulmonlar uchun orzu qilinadigan dafn joyiga aylantiradi. 

Shu bilan birga, odamlarning ko‘pligi va sanitariya muammolari, transport muammolari, tibbiy yordamning kechikishi ham o‘limlar sonining ko‘pligi bilan izohlanmoqda. 

Ta’kidlanishicha, ziyoratchi Haj vaqtida vafot etsa, uning o‘limi haqida qarindoshlariga xabar qilinadi. Keyin jasad yuviladi, kafanga o‘raladi va Saudiya hukumati tomonidan taqdim etilgan muzlatgichlarga tashiladi. Dafn marosimlari mashhur masjidda o‘tkaziladi, ammo qabrning o‘zi oddiy bo‘ladi, ba’zida bir nechta jasadlar birgalikda dafn etiladi. Qabristonlarda har bir dafn qilingan shaxs haqida batafsil ma’lumot yozib qo‘yiladi, marhumning oilasi uni ziyorat qilishi mumkin.

Mavzuga oid