Jahon | 10:05 / 25.06.2024
4986
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Xodorkovskiy va Lebedevning pullarini musodara etish haqida qaror chiqardi

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Xodorkovskiy va Lebedev bilan aloqador bo‘lgan «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»dan qariyb 1,4 milliard rublni musodara qilishni so‘ragan. «Dose» markazi uni «Rosneft» sobiq prezidentining oilasi nazorat qilishini da’vo qilmoqda.

Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedev Foto: Stanislav Krasilnikov / TASS

Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi «Trast» banki hisobvarag‘idan 986 million rubl va 1,8 million dollar (jami 1,4 milliard rubl) miqdoridagi mablag‘larni davlat daromadiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqardi. 24 iyun, dushanba kuni Rossiya axborot agentliklari xabar berishicha, ular YuKOS va MENATEP guruhining sobiq rahbarlari Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedevga tegishlidir. Shu tariqa, sud Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining Xodorkovskiy, Lebedev va «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»ga nisbatan da’vosini qanoatlantirdi. 

Da’vo sud tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan «soliq jinoyatlari»dan yetkazilgan zarar to‘lanmagani munosabati bilan qo‘zg‘atilgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gap real faoliyatni amalga oshirmagan, ammo ayblanuvchilar foydasiga kapital tranziti uchun xizmat qilgan to‘qqizta kompaniyadan olingan pullar haqida bormoqda. Bu kompaniyalarning barchasi, «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»dan tashqari, tugatildi.

Ayni paytda, «Dose» surishtiruv markazi «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»ning Xodorkovskiyga aloqasi yo‘qligini, ammo Kipr ofshor kompaniyalari orqali «Rosneft» sobiq prezidenti Sergey Bogdanchikovning oilasi tomonidan nazorat qilinishini yozdi. Kompaniyaning 2023 yil uchun hisobotiga ko‘ra, uning sof foydasi deyarli ikki milliard rublni tashkil etdi.

YuKOS ishi

Rossiya sudlari 2005 va 2010 yillarda Xodorkovskiy va Lebedevni «YuKOS ishi» bo‘yicha firibgarlik, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblab, uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan. Ularga tegishli bo‘lgan neft kompaniyasi bankrotlik jarayonidan o‘tdi va milliylashtirildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2013 yilda Mixail Xodorkovskiyni afv etgan, shundan so‘ng tadbirkor Rossiyani tark etgan. Platon Lebedev 2014 yilda ozodlikka chiqarilgan.

Mavzuga oid