O‘zbekiston | 09:14 / 26.06.2024
4111
3 daqiqa o‘qiladi

Wikeleaks asoschisi Assanj AQSh sudi tomonidan ozod qilindi

AQSh federal okrug sudi jurnalist Julian Assanjni AQSh rasmiylari bilan kelishuv doirasida josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzganlik bo‘yicha aybini tan olgani uchun ozod qildi.

Foto: Kim Hong-Ji/Reuters

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj 26 iyun, chorshanba kuni AQShning Saypan orolidagi federal okrug sudi tomonidan ozod qilindi. Sud jurnalistni AQSh rasmiylari bilan kelishuv doirasida josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda aybiga iqror bo‘lgach, ozod qildi. Assanj tez orada uyiga - Avstraliyaga uchib ketadi.

Wikileaks asoschisining advokati Jyennifer Robinson 26 iyunni «14 yillik huquqiy kurashlarga yakun yasagan» va «21-asrda (AQSh Konstitutsiyasiga) birinchi tuzatish uchun eng katta tahdid sifatida e’tirof etilgan» ishga nuqta qo‘ygan «tarixiy kun» deb atadi.

Assanj: Birinchi tuzatish va josuslik to‘g‘risidagi qonun bir-biriga zid

Sud majlisida sudya Assanjdan uning jinoyati nima ekanligini so‘radi. «Jurnalist sifatida men o‘z manbamni maxfiy deb aytilgan ma’lumotlarni taqdim etishga undadim», deb javob berdi Assanj. Shu bilan birga, u so‘z va matbuot erkinligini kafolatlaydigan AQSh Konstitutsiyasiga birinchi tuzatish uning jurnalistik faoliyatini «himoya qilganini» ta’kidladi. «Menimcha, birinchi tuzatish va josuslik to‘g‘risidagi qonun bir-biriga ziddir», - deya jurnalistning so‘zlarini keltiradi The Washington Post.

Assanj 175 yilga qamalishi mumkin edi

Julian Assanj 24 iyun kuni 5 yil o‘tirgan Londonning «Belmarsh» qattiq tartibli qamoqxonasini tark etdi. Jurnalist AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishgach, qo‘yib yuborilgan. 

Qo‘shma Shtatlarda Assanjga «AQSh tarixida maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bo‘yicha eng yirik ish bilan bog‘liq jinoyatlar» yuzasidan 17 ta ayblov qo‘yildi. Gap 2010 yildan beri AQShning harbiy va diplomatik faoliyatiga oid 700 mingga yaqin maxfiy hujjatlar oshkor etilgani haqida bormoqda. Hujjatlarda AQShning Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlari, jumladan, tinch aholi o‘ldirilishi va amerikalik harbiylarning mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabati haqida ma’lumotlar bor. Jurnalist 175 yilga qamalishi mumkin edi.

Mavzuga oid