Jamiyat | 18:42 / 27.06.2024
9616
2 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva Samarqanddagi “Mehrli maktab” o‘quvchilari bilan suhbatlashdi

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Samarqand viloyatida bo‘lib, “Mehrli maktab” gospital maktabining filialiga tashrif buyurdi, shuningdek, ekologik oromgoh ishtirokchilari bilan birga Zarafshon milliy tabiat bog‘iga bordi.

Foto: Zamin Foundation

Fond rahbari tashrif buyurgan “Mehrli maktab” gospital maktabining filiali Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida ochilgan.

Yangi gospital maktab Toshkent, Nukus, Andijon va Farg‘onadan keyin respublikada beshinchi bo‘lib, unda uzoq vaqt davolanayotgan bolalar bilan ishlash uchun zarur tayyorgarlikdan o‘tgan pedagoglar, psixologlar va tarbiyachilar ish boshladi.

Ziroat Mirziyoyeva “Mehrli maktab”da yaratilgan qulay ta’lim muhitini qayd etib, bolalar bilan dildan suhbatlashdi va o‘quvchilar bilan rivojlantiruvchi moslashuv mashg‘ulotlarida qatnashib, pedagoglarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

“Zamin” fondi raisi, shuningdek, Xalqaro yoshlar ekologik oromgohi ishtirokchilari va mehmonlar bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida bo‘ldi.

Ular birgalikda bog‘, uning to‘qayzorlari va yaqindagina qirilib ketish arafasida turgan Buxoro bug‘ularini ko‘zdan kechirishdi.

Qo‘riqxonada bo‘lish nafaqat tabiat go‘zalligidan zavqlanish imkoniyati, balki ekotizimlarni asrash va ularning bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi haqida muhim eslatma bo‘ldi. Ekskursiya ishtirokchilari ba’zida ekotizimlarni saqlab qolishning asosiy qismi antropogen ta’sirni, ya’ni insonning aralashuvini kamaytirish ekanini afsus bilan ta’kidladilar.

Ushbu tajriba turli mamlakatlar ekofaollari uchun ekotizimlarni saqlab qolish va ko‘chib yuruvchi hayvon turlari uchun transchegaraviy bog‘larni yaratish bo‘yicha faol harakat va tashabbuslarga turtki bo‘ldi.

Mavzuga oid