O‘zbekiston | 17:09 / 06.07.2024
10544
5 daqiqa o‘qiladi

«E-aktiv'dan voz kechdik» - Sherzod Qudbiyev

Soliq qo‘mitasi E-aktiv'ni joriy etish qiyinligi sababli bu tizimdan voz kechdi, deya ma’lum qildi qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev. Tadbirkorlarga tovar moddiy boyliklarni ochiqlash talabini qo‘yadigan E-aktiv biznes vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi.

Soliq qo‘mitasi E-aktiv (E-ombor) tizimini joriy etishdan voz kechdi. Bu haqda 4 iyul kuni farmatsevtika va tibbiyot sohalari vakillari bilan ochiq muloqotda qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi.

«Biz E-aktiv'dan voz kechdik, E-aktiv bo‘lmaydi. Amalga oshirish qiyin bo‘lib chiqdi, shuning uchun voz kechishga qaror qildik», – dedi u.

Tadbirkorlar bu yangilikni qarsaklar bilan qabul qildi.

E-aktiv axborot tizimi tadbirkorlarning tovar-moddiy aktivlari, xususan omborlardagi mahsulotlar kirim-chiqimi va qoldig‘ini soliq organlariga ochiqlashni nazarda tutadi.

2021 yildagi hukumat qaroriga ko‘ra, tizim 2022 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. Biroq bu tadbirkorlar va buxgalterlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularga ko‘ra, barcha tovar-moddiy boyliklarni tizimga kiritish qiyin ish va bu biznes uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni vujudga keltiradi.

Sherzod Qudbiyev 2021 yildagi chiqishlaridan birida E-aktiv atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirib, «bu yangilikdan noroziliklar ortida intizomli bo‘lmagan soliq to‘lovchilar turibdi» deb hisoblashini aytgandi.

Ammo e’tirozlardan keyin tizimni majburiy qo‘llash 2023 yil 1 martgacha kechiktirildi. 2023 yilning mart oyida esa Soliq qo‘mitasi muddat 2024 yilgacha uzaytirilganini ma’lum qildi.

4 iyul kungi ochiq muloqotda, shuningdek, Sherzod Qudbiyev dori vositalari uchun raqamli markirovkalash va MXIK (mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodi) joriy etilgani tufayli Soliq qo‘mitasi mahalla miqyosida xarid qilinadigan dori vositalarining turlari va miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘lishini ma’lum qildi.

«Bu ma’lumotlar nafaqat fiskal siyosat nuqtai nazaridan, balki Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham zarur bo‘lib, ular mahallalar sharoitida kasalliklar, ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar haqida bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Soliq qo‘mitasi farmatsevtika bozori tahlilini tayyorlamoqda va tez orada jamoatchilikka ushbu ma’lumotlarga kirish imkoniyati ochiladi. Endi yil boshidan buyon sotilgan eng yaxshi 10 ta dori, eng ko‘p to‘qnash kelinadigan 10 ta kasallik, eng yaxshi 10 ta ishlab chiqaruvchi, kvitansiyalar soni, o‘rtacha kvitansiya, sotilgan dori vositalarining umumiy miqdori va boshqalarni ko‘rish mumkin», – dedi u.

Shuningdek, mahalliy va import dori vositalari, jumladan, ularning miqdori va summasi bo‘yicha hududlar kesimidagi ma’lumotlarni tayyorlash rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.

Muloqot davomida tadbirkorlar 1 apreldan dorilar uchun 12 foizli QQS qaytarilgani ular uchun xarajatlarni oshirganini ta’kidladi. Tadbirkorlar dori vositalari savdosi ijtimoiy soha bo‘lishi kerakligi va xalq uchun dori-darmonlar qimmat bo‘lmasligi lozimligini aytdi.

Bunga javoban Sherzod Qudbiyev dorilar uchun 12 foizli QQS qaytarilganidan keyin O‘zbekistonda farmatsevtika bozori aylanmasi keskin pasayganini ma’lum qildi.

«O‘zimizdan nima uchun bu sodir bo‘layotganini so‘rashimiz kerak. Tibbiyot muassasalariga borishni, [ko‘rsatilayotgan] tibbiy xizmatlar hajmini 30−40 foizga, ayrim hollarda esa 80 foizga kamaytirdikmi? Bu nimani bildiradi? Bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?» — dedi u.

DSQ raisi 1 apreldan boshlab bir qator dori vositalariga QQS bo‘yicha imtiyozlar (12 foiz) bekor qilinar ekan, hukumat ushbu choraning aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ta’sirini muhokama qilgan.

«Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam ilgari QQS to‘lovini «Soliq» ilovasi orqali keshbek shaklida go‘sht, tuxum va sariyog‘ xarid qilishda olgan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyida un, shakar, dori-darmon va tibbiy xizmatlar ham shunday tovarlar qatoriga qo‘shilgan.

Bugungi kunga qadar Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 49 ming 455 nafar fuqaroga 7,7 milliard so‘mlik dori vositalari uchun keshbek to‘lab berildi», – dedi qo‘mita rahbari.

Mavzuga oid