Jamiyat | 17:07 / 14.07.2024
19599
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda oqqan sel ko‘prikni qulatdi

Kuchli yog‘ingarchilik ortidan kelgan sel ikki tuman chegarasidagi ko‘prikni qulatgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari o‘rtasidagi Yorqishloq qishlog‘ida soy ustiga qurilgan ko‘prik kuchli sel oqimi tufayli qulab tushgani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, tog‘larda yog‘gan kuchli yomg‘ir tufayli sel kelgan va ko‘prikni ko‘tarib turgan tayanch ustunlar ostini yuvib ketgan. Oqibatda ko‘prikning asosiy qismi qulab tushgan.

Videoda katta soy to‘lib sel oqayotgani, ko‘prik cho‘ka boshlagach mashinalar harakati to‘xtab qolgani ko‘rinadi. Ko‘prik qulayotib, yonidan o‘tib ketgan gaz quvurlariga ham shikast yetkazgani aytilmoqda.

Xo‘jaobod tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirib, hodisada hech kim tan jarohati olmaganini va halok bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ayni daqiqalarda viloyat hamda har ikki tuman rahbariyati vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhi voqea joyiga yetib borgan va ish olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, ijtimiy tarmoqlarda kuchli yog‘ingarchilik tufayli Qirg‘izistonning Andijonga qo‘shni bo‘lgan O‘sh shahrini ham sel bosgani tasvirlangan videolar tarqalyapti.

Mavzuga oid