Jahon | 09:35 / 27.07.2024
2664
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiya aktivlaridan tushgan foydani birinchi marta Ukrainaga o‘tkazmoqda

Rossiya Federatsiyasining Yevropadagi muzlatilgan aktivlaridan tushgan 1,5 milliard yevro foyda Ukraina mudofaasi va tiklanishiga yo‘naltiriladi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi birinchi marta Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadni Ukrainaga o‘tkazadi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen 26 iyul, juma kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qilganidek, to‘lov miqdori 1,5 milliard yevroni tashkil etadi, to‘lov shu kuni o‘tkaziladi.

«Ukraina va butun Yevropani yashash uchun xavfsizroq joyga aylantirish uchun Kreml pulidan foydalanishdan yaxshiroq narsa yo‘q», deb yozdi fon der Lyayyen. 

O‘z navbatida, Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov «Yevropa komissiyasining bunday qadamlari javobsiz qolmasligini» aytdi. «Bu, albatta, Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan noqonuniy qarorlarga javoban o‘ylangan harakatlar uchun sabab, lekin ular bizning manfaatlarimizga to‘liq mos kelishi kerak», - deya Peskovning so‘zlarini keltiradi «Interfaks» agentligi. 

YeI mayda Rossiya aktivlaridan daromadni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish rejasini kelishib oldi 

May oyida Yevropa Ittifoqi elchilari Bryusseldagi yig‘ilishda uzoq davom etgan maslahatlashuvlardan so‘ng, muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirish uchun ishlatish rejasini kelishib oldilar. 

O‘sha paytda YeIga raislik qilgan Belgiya xabariga ko‘ra, pul Ukrainaning tiklanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakat mudofaasiga sarflanadi. Bundan tashqari, faqat 2024 yilda to‘lovlar miqdori 3 milliard yevrogacha yetishi mumkin. 

Ushbu reja bo‘yicha muzokaralar, jumladan, Avstriya va boshqa bir qator davlatlar qurol va o‘q-dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishda ishtirok etishdan bosh tortganligi sababli uzoq davom etdi. Ularning iltimosiga ko‘ra, Rossiya daromadlaridan keladigan foizlarning bir qismi yordam boshqa turlariga yo‘naltirilishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi, deya xabar beradi Germaniyaning dpa agentligi. 

G7 davlatlari Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan 50 mlrd dollar ajratadi 

G7 davlatlari, shuningdek, iyun oyida Kiyevga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromad evaziga kredit berishga kelishib oldi. Umuman olganda, «Katta yettilik» Ukrainaga 50 milliard dollar to‘lashni rejalashtirmoqda va u qarzni Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan aktivlaridan o‘tkazilgan foizlar hisobidan to‘laydi. 

Mavzuga oid