Frontdagi vaziyat: Rossiyaning ilgarilashi kuzgacha davom etishi mumkin
Rossiya armiyasining navbatdagi yirik yurishi urushga yakun yasashi ko‘zda tutilgan edi, biroq katta ilgarilash yoki Ukraina armiyasining parokanda bo‘lishiga erishilmadi.
The Telegraph nashrining yozishicha, bu zafarli zarba bo‘lishi kutilayotgandi, chunki Ukraina odamlar, o‘q-dorilar va okoplar yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan. Biroq mana, yoz tugab ham boryaptiki, Rossiya o‘zining ambitsiyali maqsadlariga erisha olmadi: ulkan yorib kirish ham ro‘y bermadi, Ukraina front chizig‘ining umumiy parokandaligi ham kuzatilmadi.
Rossiya armiyasi qo‘lga kiritgan natijalarga juda sekinlik bilan va katta xarajatlar evaziga erishildi: o‘tgan haftada Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya armiyasi may oyida kuniga o‘rtacha 1262, iyun oyida esa 1162 askaridan ayrilganini ma’lum qildi — bu urush boshlanganidan buyon eng katta ko‘rsatkichlar.
Biroq Rossiya armiyasi baribir tahdidli tezlik bilan oldinga siljishda davom etmoqda.
Ukraina Deep State loyihasi xabar berishicha, Progress qishlog‘i yonida “piyoda brigadalardan birining xaotik olib chiqilishi” 31-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasining qariyb qurshovga tushib qolishiga sabab bo‘lgan.
“Eng yomon ssenariydan qochishga muvaffaq bo‘lingan, biroq hamon vaziyat negativ trayektoriyaga ega. Ukraina yaqin oylar ichida yana hududlarini yo‘qotishda davom etadi”, — degan Karnegi fondining katta ilmiy xodimi Maykl Kofman.
Janglar
Urush boshlanganida Rossiya blitskrigi Kiyevga borishi to‘g‘risida taxminlar ilgari surilgan edi. Hozir bu haqda gap-so‘zlar yo‘q. Biroq Rossiyaning hududlar bilan bog‘liq yana bir asosiy maqsadi bor: Donetsk oblastini butunlay yoki uning katta qismini egallash.
Agar qachondir sulh bo‘yicha muzokaralar boshlansa — rossiyaliklar noyabr oyida Donald Trampning g‘alaba qozonishi muzokaralar boshlanishi uchun ularga yaxshi pozitsiya taqdim etishidan umidvor — ular okkupatsiya qilgan barcha hududlarini saqlab qolishga intilishadi.
O‘sha vaqtgacha ular Slovyansk, Kramatorsk va Pokrovskni okkupatsiya qila olishsa, buni urushdagi natija sifatida taqdim qilish mumkin. Rossiya ayni paytda insonlar, texnika va o‘q-dorida ustunlikka ega ekani aniq. Ular bu ustunlikdan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Reja
Rossiyaliklar foydalangan rejada general Valeriy Gerasimovning xarakterli chizgilari bor — katta yo‘qotishlar va sa’y-harakatlarni bema’ni xarjlash.
Asosiy yo‘nalishlar Belgorod oblastidan Xarkivning shimoliy-sharqiy qismiga hujum qilish va Ukraina zaxiralarini Donbassdan jalb etishni nazarda tutgan edi.
Shuningdek, Oskil daryosi tomon yurish qilib, Xarkivga boshqa tomondan tahdid solish reja qilingandi. Janub tomon ikkita asosiy hujum — Baxmutdan teparoqda joylashgan Chasiv Yar shaharchasiga, Avdiyivkadan Pokrovskka yurish nazarda tutilgandi.
So‘nggi bir oy ichida Chasiv Yar va Pokrovsk uchun janglar oralig‘ida Nyu York va Toretskka qo‘shimcha hujumlar uyushtirildi. Shuningdek, janub tomon Kuraxovega tahdid tug‘dirish uchun yurishlar ham qilindi.
Xarkiv
Xarkivga 10 may kuni uyushtirilgan hujum 2022 yildan buyon birinchi yirik transchegaraviy bosqin bo‘ldi va u ikki maqsadni ko‘zlagandi: Belgorod oblastiga Ukraina zarbalari va reydlarini to‘xtatish uchun bufer zona yaratish, shuningdek, Donbassdagi asosiy frontdan ukrain zaxiralari e’tiborini chalg‘itish.
Birinchi maqsad aniq barbod bo‘ldi. Dastlabki muvaffaqiyatlarga qaramasdan, rossiyaliklar tezda holdan toydi va pozitsiyalarini yo‘qota boshladi. Hozir ularning qo‘shinlari Vovchansk va Lukyanske posyolkalari atrofidagi ikkita alohida guruhga bo‘linib qolgan.
Ikkinchi maqsad birmuncha muvaffaqiyatli chiqdi. Ukraina bir necha brigada va batalyonlarni frontning boshqa chizig‘idan tahdidni to‘xtatish uchun bu yerga olib kelishga majbur bo‘ldi.
“Ukraina mobil zaxiralar taqchilligi, chiziqni kuchaytirish uchun zaxiralar yo‘qligi Rossiyaning Nyu York, Toretsk va Pokrovsk yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatini ta’minlaydi”, — deb yozadi nashr.
Donbass
“Rossiyaliklar Xarkivga hujumni rejalashtirilganidan bir oy avval boshlashdi”, — deydi Kofman.
Ertaroq boshlash g‘oyasi ukrainaliklarni kutilmaganda gangitib qo‘yishni maqsad qilgan edi, biroq bu rossiyaliklarni ham gangitib qo‘ydi. Operatsiyada ishtirok etish uchun ajratilgan 4-armiya korpusi yetarlicha mashg‘ulotlarni o‘tamagan, Donbassda haqiqiy shturmlar boshlangan bir paytda bir oy ortda qolayotgandi.
Xarkiv operatsiyasi barbod bo‘la boshlagach, Rossiya oliy qo‘mondonligi qo‘shinlarni Donbassdan olib, shimolga jo‘natdi. Aynan mana shu imillash ukrainaliklarni yakson bo‘lishdan asragan bo‘lishi mumkin.
Pokrovsk va Chasiv Yar
Donbassdagi urushlar qishdan buyon tingani yo‘q. Biroq 10 maydan — Xarkivga hujum boshlanganidan buyon rossiyaliklar Pokrovsk yo‘nalishidan to‘rt milyacha, Progressgacha ham qariyb shuncha, Nyu Yorkkacha 3,37 milya oldinga siljiy olishdi. Chasiv Yarga esa ular ikki milya yaqinlashdi.
“Vaziyat shundayki, ruslar Baxmutda ishlatilgani singari qat’iy taktika etagini tutdi: ko‘p odamni jangga tashlashadi, ko‘p odamlaridan ayrilishadi, bu holda ayrim qishloq va posyolkalarda bir necha metr va ayrim ko‘chalarni qo‘lga kiritishadi”, — deydi harbiy tahlilchi, Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Andriy Zagorodnyuk.
“Mohiyatan bu o‘ta imillagan siljish, lekin siljish baribir bor. Biz buning ustida ish olib bormoqdamiz, men nima bo‘lishini oldindan ayta olmayman, lekin biz uzoq muddatli istiqbolda buni bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Biroq qisqa muddatli istiqbolda Rossiya kuchlarining bevosita yaqinida zarba berish imkoniyatiga egamiz”, — degan Zagorodnyuk.
Agar rossiyaliklar Nyu York va Toretskni qo‘lga kirita olsa, Chasiv Yarga janubdan va Konstantinovkaga janubi-sharqdan tahdid qila boshlashadi. Bu ularni Kramatorsk va Slovyanskka tahdid qilishga bir qadam yaqinlashtirib, Ukrainaning Donetsk oblastidagi butun pozitsiyalarini xavf ostida qoldiradi.
Taktika
Rossiyaning yaqindagi muvaffaqiyati sabablaridan biri ular nisbatan ojiz Ukraina bo‘linmalari tomon hujumni jamlashga e’tibor qaratayotganidir.
Bir oycha avval boshlangan Toretsk va Nyu Yorkka hujum Ukrainaning ushbu hududni ushlab turgan nisbatan kuchli brigadasini Chasiv Yarda jang qilib turgan kuchsizlashtirilgan bo‘linmaga almashtirish qaroriga to‘g‘ri keldi, deydi AQShdagi tashqi siyosat tadqiqot instituti tahlili markazining katta ilmiy xodimi Rob Li.
Pokrovskdan sharqdagi hujumlar ham kuchlarning rotatsiya qilinishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Urushning bu bosqichi imillagancha oldinga siljish va piyodalarning mutlaqo ahamiyatsiz harakatlari bilan xarakterlanadi.
Ayni paytda Rossiya hujumlari 6-8 kishining kulrang zonadan o‘tib, okoplarda joylashib olishi bilan o‘tmoqda.
Bu urushning har ikki tomoni duch kelgan muammolar hosilasidir: kulrang zonani rossiyaliklar Vuhledar va Avdiyivkada, ukrainlar o‘tgan yil yozida Zaporijjyada qo‘llagani singari an’anaviy tarzda zirhli texnika bilan kesib o‘tish harbiy texnikalar va tirik kuchlarning katta miqdorda yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.
Bu yil rossiyaliklar muammoni yechishning ikkita variantini o‘ylab topishdi. Ulardan biri “toshbaqa tank” bo‘lib, beso‘naqay, zirhlangan texnika kulrang zonada yo‘nalish ochishga safarbar etiladi.
Ikkinchi variant zirhdan butkul voz kechgan: askarlarni mototsiklga o‘tqazib, o‘qlarga chap bergancha imkon qadar tezroq dushman ustiga bostirib borish. Ular to‘qnashuv chizig‘iga yetib borganidan so‘ng mototsikllarni tashlab, okoplarda piyoda shturm guruhlari kabi janglarga kirishishadi. Bu qandaydir mo‘jizaviy usul yoki qurol emas, jang maydonining shart-sharoitlaridan kelib chiqib moslashishdir.
“Mohiyat shundaki, kuchli mustahkamlangan pozitsiyaga hujum uyushtirishning yaxshiroq variantining o‘zi yo‘q”, — degan Li.
Bu improvizatsiyalashgan usullar hamon naf keltirishi mumkin, agar ular o‘zi uchib borib uruvchi bombalar bilan mustahkamlansa. Rossiya ayni paytda shunday bombalardan front chizig‘ida faol foydalana boshlagan.
“O‘ziuchar bombalar tobora aniq uradigan bo‘lib bormoqda. Ular psixologik jihatdan ham kuchli, butun bir pozitsiya ustiga yopiriladi, bir zarba bilan butun bir binoni yakson qilishi mumkin”, — degan Kofman.
Kuchlar muvozanati
Ushbu yozning eng pessimistik taxminlari Ukrainada odamlar, snaryadlar va tayyorlangan mudofaa pozitsiyalarining kritik yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Ushbu muammolardan har birini kechikib bo‘lsa-da hal qila boshlashdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aprel oyida safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan raqamlar maxfiylashtirilgan, biroq bu masala bilan tanish manbalarning aytishicha, bir oy ichida avvalgilardan bir necha bor ko‘proq qo‘shin to‘plashga muvaffaq bo‘lingan. Yaqin oylarda ular ommaviy tarzda frontga tashlana boshlaydi.
Aprel oyida, Xarkivga hujum boshlanmasidan biroz avval AQSh Kongressi harbiy yordam paketini ma’qulladi. Bu paket orqali kelayotgan yordam Rossiyaning o‘q-dorilar bo‘yicha ustunligini pasaytirdi, biroq yo‘q qila olgani yo‘q. Yoz tugagunga qadar Ukrainada F-16 qiruvchi samolyotlari paydo bo‘lishi kutilmoqda.
“Bularning barchasi Rossiyaning jang maydonidagi ustunligi qishga borib yo‘qqa chiqarilishi mumkinligini bildiradi. Moskvaning esa o‘z bosh og‘riqlari bor. Rossiyada zirhli texnika tugab bitgani yo‘q, biroq uning zaxirasining tagi ko‘rinib qoldi”, — deb yozadi nashr.
Rossiya shuningdek, ko‘ngillilar uchun maosh taklifini oshirdi, bu esa urushga yollash bilan bog‘liq muammolardan dalolat beradi. Qaysidir onlarda u o‘z operatsiyalari sur’atini pasaytirishga majbur bo‘lishi ham mumkin.
Endi nima bo‘ladi?
Kelgusi bir necha oyning xavflilik darajasi hamon muhim bo‘lib qolmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy shu hafta ichida rossiyaliklar texnika borasida 1:2 yo 1:3 nisbatda ustunlikka ega ekanini ta’kidladi.
Qisqacha aytganda, Rossiyaning olg‘a siljishi sentabrgacha davom etishi mumkin. Lekin Donbassdagi urush nechog‘lik qonli kechmasin, urushdagi hal qiluvchi omil bo‘la olmaydi.
“Donetskdan keyingi 20 km hududni kim nazorat qilishidan qat’i nazar, mazkur urushning strategik manzarasini o‘zgartira olmasligi tobora oydinlashib bormoqda”, — degan Kofman.
Mavzuga oid
14:45
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024