O‘zbekiston | 16:58 / 30.07.2024
10008
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz uchun 2024 yilga ajratilgan subsidiyalar yarim yilda ishlatib bo‘lindi

Yilning birinchi yarmida davlat budjetidan energetika sohasiga ajratilgan subsidiyalar jami subsidiyalarning 70,2 foizini tashkil qildi. Gaz uchun ajratilgan 9,5 trln so‘mlik yillik subsidiyaning 9,3 trln so‘mi yoki 98 foizi, issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash uchun ko‘zda tutilgan 1,9 trln so‘mlik subsidiyaning 1,47 trln so‘mi allaqachon ishlatib bo‘lingan.

2024 yilning birinchi yarmida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 15 trln 351 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda keltirib o‘tilgan.

Joriy yil yanvar-iyun oylarida subsidiya mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarda ishlatilgan:

  • ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplash – 9,3 trln so‘m;
  • nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar – 1,55 trln so‘m;
  • issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash xarajatlari – 1,47 trln so‘m;
  • aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar – 543 mlrd so‘m;
  • jamoat transportida yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 413 mlrd so‘m;
  • geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan subsidiyalar – 377 mlrd so‘m;
  • qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga subsidiyalar – 240 mlrd so‘m;
  • aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar – 211 mlrd so‘m;
  • elektropoyezdlarda yo‘lovchilar tashishni subsidiyalashga – 192 mlrd so‘m
  • chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetishtirib sotilgan mahsulot uchun subsidiyalar – 172 mlrd so‘m.

Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, gaz uchun ajratilgan 9,5 trln so‘mlik umumiy yillik subsidiyaning 9,3 trln so‘mi yoki 98 foizi allaqachon o‘zlashtirilgan. Ushbu davrda 809 mln dollarlik gaz import qilingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 5 barobarga ko‘p.

Shuningdek, issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash uchun ko‘zda tutilgan 1,9 trln so‘mlik subsidiyaning 1,47 trln so‘mi ishlatib bo‘lingan.

Umumiy hisobda, joriy yilning birinchi yarmida energetika sohasiga ajratilgan subsidiyalar umumiy mablag‘ning 70,2 foizini tashkil qilgan.

Yana bir e’tiborga molik jihat shundaki, elektropoyezdlarda yo‘lovchilar tashishni subsidiyalashga 192 mlrd so‘m sarflangan. 2023 yilning oxirida “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chipta narxi 100 foizga oshirilgandi. Joriy yilning 15 mayidan chiptalari narxi yana ekonom klass uchun 20 foiz, biznes klass uchun 30 foiz va VIP klass uchun 40 foizga qimmatlashdi. Qiziq tomoni, 2024 yilda davlat budjetidan elektropoyezdlarni subcidiyalash uchun pul ajratish ko‘zda tutilmagan.

Ma’lumot uchun, davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 2021 yilda 5 trln 629,8 mlrd so‘m, 2022 yilda 12 trln 260,9 mlrd so‘m, 2023 yilda esa 29 trln 255 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Yildan yilga subsidiya miqdorining oshib borayotgani davlat budjeti taqchilligi kengayishiga va tashqi qarz miqdorining oshib borishiga ta’sir qilmoqda.

Avvalroq, 2024 yilning birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 34 trln so‘mdan oshgani xabar qilingandi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 27 foizga ko‘p.

Mavzuga oid