Jahon | 10:05 / 30.07.2024
3490
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil hujumi tahdidi tufayli Bayrut aeroportida parvozlar to‘xtatildi

Isroil rasmiylari avvalroq Majdal Shams qishlog‘iga raketa hujumiga «javob» qaytarishga va’da bergan edi.

Foto: Anadolu Agency

Isroilning Livanga ehtimoliy hujumi xavfi tufayli Bayrutdagi Rafiq Haririy xalqaro aeroportida parvozlar to‘xtatildi.

Aeroport veb-saytida taqdim etilgan parvoz ma’lumotlariga ko‘ra, Bayrutdan dunyoning turli yo‘nalishlariga va ortga barcha reyslar «bekor qilingan» yoki «kechiktirilgan» deb belgilangan.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasining Livanga hujum qilishi ehtimoli borligi sababli parvozlarni bekor qilish va vaqtini o‘zgartirish bir necha kun davom etadi.

Livan davlat aviakompaniyasi - Middle East Airlines (MEA) kecha Bayrutdan ba’zi reyslarni ertalabgacha kechiktirganini e’lon qildi.

Majdal Shamsga raketa hujumi

Avvalroq Isroil nazoratidagi Jo‘lan tepaliklarida Majdal Shams qishlog‘i futbol maydoniga raketa tushishi natijasida 12 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lgani, 35 kishi jarohat olgani xabar qilingandi. Shifokorlar 17 nafar yaradorning ahvolini og‘ir deb baholayapti.

Mavjud razvedka ma’lumotlari Jo‘landagi Majdal Shamsga raketa hujumi Livan janubida joylashgan Sheba qishlog‘ining shimolidan uyushtirilganini aniqladi, Isroil armiyasi hujumda «Hizbulloh»ni aybladi.

«Hizbulloh» harakatning Majdal Shamsga qilingan hujumga aloqadorligi haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi va ularning voqeaga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumni javobsiz qoldirmaslikka va’da berdi. «Isroil bu halokatli hujumni e’tiborsiz qoldirmaydi. «Hizbulloh» hech qachon to‘lamagan yuqori narxga duchor qilinadi», dedi bosh vazir.

Mavzuga oid