Fan-texnika | 19:18 / 01.08.2024
6274
2 daqiqa o‘qiladi

Uber Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlik boshlashini e’lon qildi

Ushbu bayonot Xitoy ishlab chiqaruvchilari uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlarida import bojlari oshirilgan bir paytda yangradi

Foto: Getty Images

Taksi sohasida gigant hisoblangan Uber kompaniyasi o‘z avtoparkini Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 100 mingta elektromobil bilan to‘ldirishga oid bitimni izolashini e’lon qildi.

Ikkala kompaniyaning ham ma’lum qilishicha, Uber haydovchilariga elektromobillarga o‘tish uchun texnik xizmat ko‘rsatish, quvvatlantirish, moliyalashtirish va lizing kabi rag‘batlar taqdim etiladi. Ko‘p yilga mo‘ljallangan reja avvaliga Yevropa va Lotin Amerikasida, keyinroq Yaqin Sharq, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ishga tushiriladi.

Ushbu bayonot butun dunyoda elektromobillar savdosi kamaygani, Xitoy ishlab chiqaruvchilari AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlarida import bojlarining ortishiga duch kelgani fonida yangradi.

«Kompaniyalar Uber haydovchilari uchun elektromobilga egalik qilishning umumiy xarajatini kamaytirishga urinmoqda», — deyiladi har ikki kompaniya bayonotida. Shuningdek, ular Uber platformasiga BYD’ni haydovchisiz boshqarish texnologiyasini integratsiya qilish ustida ish olib boradi.

Avvalroq Uber kompaniyasi AQSh haydovchilari orasida elektromobillarni ommalashtirish maqsadida Tesla bilan hamkorlik qilishi va Janubiy Koreyaning avtogiganti Kia bilan maxsus elektromobil yaratish ustida ishlashini ma’lum qilgandi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa yirik bozorlar yaqinda o‘z avtomobil sanoatini himoya qilish maqsadida elektormobillar uchun bojlar oshirilishini e’lon qilgandi. Ushbu qadam BYD va Xitoydagi boshqa elektromobil ishlab chiqaruvchilarni mamlakatdan tashqarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishiga turtki bo‘ldi. Iyul oyida BYD Turkiyada ishlab chiqarish korxonasini ochish bo‘yicha 1 milliard dollarlik bitimni imzoladi. Anadolu agentligiga ko‘ra, ushbu yangi zavod yiliga 150 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid