O‘zbekiston | 18:52 / 02.08.2024
15837
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqaroga tarsaki tushirgan Chiroqchi tumani hokimi intizomiy jazoga tortildi

Holat viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida keskin muhokama qilingan. Fuqaroga qo‘l ko‘targan tuman hokimi Fayzulla Yusupov bu kabi holatlarga yana yo‘l qo‘ygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilgan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Fuqaroga tarsaki tushirgan Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu masala viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida keskin muhokama qilingan. Tuman hokimi F.Yusupov shu va ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan.

“Tuman hokimi har bir fuqaro bilan xushmuomala va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, muloqot chog‘ida odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi uqtirildi va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildi”, deyiladi munosabatda.

Oldinroq Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov fuqaroga qo‘l ko‘targani xabar qilingandi. Hokim IIB xodimlari gaplashib turgan fuqaro oldiga kelgan va kutilmaganda uning yuziga tarsaki tortib yuborgan.

Mavzuga oid