O‘zbekiston | 18:25 / 05.08.2024
28246
2 daqiqa o‘qiladi

UzAirways'ga tegishli Airbus A320 samolyoti do‘l sabab shikastlandi

“Krasnoyarsk-Toshkent” yo‘nalishida Rossiya va Qozog‘iston chegarasi bo‘ylab 11 000 metr balandlikda parvoz qilayotgan samolyot anomal meteorologik hodisaga duch kelgan. Uning bortida 174 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

UzAirways'ga tegishli Airbus A320 samolyoti 11 000 metr balandlikda parvoz paytida do‘l hodisasiga duch keldi. Oqibatda samolyotning old oynalariga shikast yetgan. Bu haqda UzAirways matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 3 avgust kuni UzAirways'ga tegishli A320 UK32015 samolyoti Rossiya va Qozog‘iston chegarasi bo‘ylab 11 000 metr balandlikda parvoz qilayotib, bu balandlik uchun anomal meteorologik hodisaga (do‘l) duch kelgan. Samolyot “Krasnoyarsk – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha HY9684 aviaqatnovini amalga oshirayotgan bo‘lgan.

Buning oqibatida samolyotning old oynalari shikastlangan. Ekipaj belgilangan protseduralarni amalga oshirganidan so‘ng parvozni davom ettirishga qaror qilgan. Toshkentga qo‘nish jadvalga muvofiq amalga oshirildi. Parvozdan keyingi tekshiruvda shuningdek, meteolokator burun konusining (kok) shikastlanishi aniqlangan.

Foto: AviaSpotter

Samolyotda bortida 174 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda havo kemasining shikastlangan qismini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda havo kemasi muntazam ravishda parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. 

Mavzuga oid