O‘zbekiston | 18:51 / 07.08.2024
7810
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2030 yildan ortiqcha elektr energiyani Yevropaga eksport qilishi mumkin

Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan umumiy energiya quvvatining bir qismi 2030 yildan boshlab eksport qilinishi ta’kidlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab dengiz kabelini o‘tkazish bo‘yicha Qozog‘iston-O‘zbekiston-Ozarboyjon uchtomonlama loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, O‘zbekiston 2030 yildan boshlab ortiqcha elektr energiyasini Yevropaga eksport qila oladi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo energetika vazirlarining birinchi yig‘ilishi doirasida ma’lum qildi.

«Joriy yil oxiriga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinadigan umumiy energiya quvvatini 4 GVt dan ortiq darajaga yetkazamiz. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 20 GVt dan oshadi, shundan 2-5 GVt energiya Yevropaga eksport qilinadi», dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eksportning aniq hajmi elektr energiyasini uzatish tizimining quvvati va yevropalik xaridorlarning ehtiyojlariga bog‘liq bo‘ladi.

Mirzamahmudovning tushuntirishicha, O‘zbekistonning elektr energiyasi Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi orqali Qozog‘istondan o‘tib, Kaspiy dengizi tubi orqali Ozarboyjonga, u yerdan Gruziyaga, so‘ngra Qora dengiz tubi orqali Ruminiya, Vengriya va Bolgariyaga yetkaziladi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, 2030 yilga borib, generatsiyaning umumiy quvvati 2,4 barobarga (44,9 GVt) oshiriladi. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 40 foizga yetkaziladi va bu maqsadda umumiy quvvati 18,8 GVt (8,6 GVt – quyosh, 10,2 GVt – shamol) bo‘lgan quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.

Mavzuga oid