Jahon | 00:35 / 12.08.2024
10117
3 daqiqa o‘qiladi

Hamasning yangi rahbari Isroil bilan sulh tuzmoqchi - OAV

Harakat yetakchisi bu haqda vositachilar orqali Isroilni xabardor qilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Hamas harakati siyosiy byurosining avvalgi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan so‘ng, uning o‘rniga saylangan Yahyo Sinvar Misr va Qatar vositachilari orqali Isroilga sulhni xohlayotgani haqidagi xabarni yetkazdi. Bu haqda CNN yozdi.

Telekanalning Isroildagi ikki manbasiga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyahu o‘zining hukmron koalitsiyasi uchun qanday oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, kelishuvga tayyor. Ammo Isroil xavfsizlik xizmati vakillari koalitsiyadagi ba’zi o‘ta o‘ng vazirlarning qarshiliklarini hisobga olib, Netanyahu roziligiga shubha bilan qaramoqda.

Moliya vaziri Betsalel Smotrich kelishuvga qarshi chiqqanlardan biri bo‘lib, uni «taslim bo‘lish» deb atagan. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham e’tiroz bildirgan.

CNN manbalaridan biri Netanyahu nima istayotganini «hech kim bilmasligini» aytdi. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari Isroil rahbariyatiga mintaqaviy urushning oldini olish uchun o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishishni kutayotganini «aniq yetkazdi», dedi CNN manbasi.

Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya 31 iyulga o‘tar kechasi Tehrondagi mehmonxonada bomba portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Isroil hukumati Haniya o‘limi uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Haniya o‘limidan so‘ng Eron Isroil «barcha qizil chiziqlar»ni kesib o‘tganini aytdi va «tezkor va keskin» javob qaytarishga va’da berdi.

Shu bilan birga, AQSh, Misr va Qatar qo‘shma bayonotda Hamas va Isroilni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv tuzishga chaqirdi. Vositachilarning aytishicha, tomonlar 15 avgust kuni muzokara olib borishini kutishmoqda. Isroil uchrashuvga rozi bo‘ldi, biroq Hamas hozircha javob bermadi.

Mavzuga oid