Surxondaryoda 10 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qamoqqa olindi
32 yoshli erkak hech kim yo‘qligidan foydalangan holda qo‘shnisining uyiga kirib, uning 2014 yilda tug‘ilgan qiziga uyatsiz harakatlar qilgan. Bolalar ombudsmanining IIVga yuborgan so‘rovidan so‘ng erkakka nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Surxondaryoda yosh qizga tegajog‘lik qilgan erkak qamoqqa olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmaniga Surxondaryo viloyatida yashovchi Sh.M.dan murojaat kelib tushgan. Ayol o‘z murojaatida joriy yil 3 iyun kuni 1992 yilda tug‘ilgan qo‘shnisi B.Sh. uning 2014 yilda tug‘ilgan qiziga uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, uyatsiz qiliqlar qilganini bildirgan.
Ayolning yozishicha, B.Sh. voyaga yetmagan qizni agar bo‘lgan holatni kimgadir aytadigan bo‘lsa, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. Sh.M. erkakning qilgan ishlarini qizi videotasvirga tushirib olganini, holat yuzasidan tergov organlariga xabar berganini, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganini ma’lum qilgan hamda farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan.
“Bolalar ombudsmanining IIVga yuborgan so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan joriy yil 7 iyul kuni B.Sh. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, erkakka nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborilgan.