Jahon | 19:44 / 13.08.2024
4332
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston razvedkasining sobiq boshlig‘i hibsga olindi

General Hamidning hibsga olinishiga uning sobiq bosh vazir Imron Xon bilan qalin aloqalari sabab bo‘lgani haqida mish-mishlarni yuzaga keltirdi.

Foto: Pacific Press Media Production Corp

Pokiston razvedkasining sobiq boshlig‘i Faiz Hamid Idoralararo razvedka agentligi (ISI) boshlig‘i bo‘lib ishlagan vaqtida o‘z mansab mavqeini suiiste’mol qilganlikda va xususiy qurilish kompaniyasini egallab olganlikda ayblanib, hibsga olindi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, Pokistonda general Hamidning hibsga olinishi — kutilmagan holat va bu uning sobiq bosh vazir Imron Xon bilan qalin aloqalari sabab sodir bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqalgan.

General Hamid Imron Xon hokimiyat tepasida bo‘lgan davrda, 2019-2021 yillarda ISI’ga rahbarlik qilgan, 2022 yil dekabrda muddatidan oldin nafaqaga chiqqan.

Mamlakat armiyasining rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, general Hamidning qo‘lga olinishi Oliy sud qarori bilan amalga oshirilgan va harbiylar «harbiy dala sudi jarayonlarini» boshlab yuborgan.

Iste’fodagi general-leytenant Talat Hussayn ushbu qadamni «kutilmagan» deb atab, uning ortidan yana ko‘plab hibslar amalga oshirilishi mumkinligini taxmin qildi.

Pokiston sobiq bosh vaziri Navoz Sharifga yaqin bo‘lgan senator Irfon Siddiqning so‘zlariga ko‘ra, bu qadar yuqori martabali ofitserning hibsga olinishi hech kim e’tibordan chetda emasligini bildiradi. Ammo ayrimlar buni eski hisoblarni hal etish masalasi ekanini aytmoqda, chunki armiyaning amaldagi rahbariyati va general Hamid qarashlari bir-biriga mos kelmaganini tasdiqlovchi dalillar bor.

Shuningdek, generalning ushlanishi Imroh Xonni qo‘llab-quvvatlaydigan shaxslarga chora ko‘rilishini anglatayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bir yildan ortiq vaqtdan beri qamoqda saqlanayotgan Imron Xon Pokiston harbiy rahbariyati bilan yaqin aloqada bo‘lib kelgan.

Mavzuga oid