O‘zbekiston | 15:03 / 14.08.2024
7375
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanalari e’lon qilindi

Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test 19-20 avgust kunlari o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish uchun test sinovlari 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilimlarni baholash agentligi mas’ullari ma’lum qildi. Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 gacha.

Ma’lumot uchun, test sinovlari 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Majburiy bo‘lgan 3 ta fan - ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanidan 10 tadan jami 30 ta savol beriladi. Har bir savolga 1,1 ball berilib, jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 33 ball.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta mutaxassislik fanning har biridan 30 tadan savol beriladi. Fanlarga mos ravishda 3,1 va 2,1 balldan beriladi. Ikkita fandan jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 156 ball. 5 ta fandan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball esa 189ni tashkil qiladi.

Agentlik talabgorlardan test sinovi o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishlarini so‘ragan Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishlari mumkin.

Mavzuga oid