O‘zbekiston | 17:17 / 16.08.2024
2795
2 daqiqa o‘qiladi

To‘liqsiz ish vaqtida ishlovchilar mehnat sharoitini kafolatlovchi qonun ma’qullandi

Hujjat bilan xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilinadi va to‘liqsiz ish vaqtida mehnat qiluvchilarning huquqlarini himoya qilishda qo‘shimcha kafolatlar yaratiladi.

Foto: Senat.uz

Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Qayd etilishicha, konvensiya qoidalari to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlaydigan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llanadi. Uning ratifikatsiya qilinishi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga yordam berishi ta’kidlandi.

Senatorlarning aytishicha, hujjatning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirishga va xalqaro standartlarni samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, xalqaro konvensiya jahonning 20 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Uning maqsadi to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi ishchilarning mehnat sharoitlarini, ularni mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minot sohasidagi kamsitishdan himoya qilishni ta’minlashdir.

Mavzuga oid