Jahon | 20:02 / 16.08.2024
13369
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Isroil tezroq g‘alaba qozonishi va hududi kengayishini istamoqda

Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp payshanba kuni antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha tadbirda ishtirok etgan.

Foto: The Times of Israel

O‘z nutqida Tramp raqibi Kamala Harrisni tanqid qilgan, Falastin tarafdorlari bo‘lgan namoyishchilarni «kallakesarlar» deb atagan va Isroil hududini kengaytirish masalasini o‘rtaga tashlagan, deb xabar bermoqda TRT.

AQSh prezidentligiga demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris millati yahudiy bo‘lgan advokat Duglas Emhoffga turmushga chiqqaniga qaramasdan, Tramp uni antisemitizmda hamda “Isroil va yahudiy xalqini” yo‘q qilishni istayotganlikda ayblagan.

«Kamala Harris g‘arb sivilizatsiyasini, birinchi navbatda Isroil va yahudiy xalqini yo‘q qilishni istayotgan kuchlarning nomzodidir», — degan Tramp o‘z chiqishida.

G‘azoda bo‘layotgan xunrezliklarga qarshi namoyishga chiqayotganlarni «HAMASni qo‘llovchi kallakesarlar» va «jihodni qo‘llovchilar» deb atab, Tramp agar Oq uyga qaytadigan bo‘lsa Isroil hujumiga qarshi bo‘lganlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni va’da bergan.

Tramp navbatdagi marta amerikalik yahudiylar mudom demokratlarni qo‘llab kelayotganidan noroziligini bildirgan. Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer — AQShdagi saylanish yo‘li bilan eng yuqori martabali lavozimga erishgan yahudiyni esa “falastinlik” deb atagan.

Respublikachilar partiyasidan nomzod, shuningdek, “Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar bilan solishtirishganda Isroil xaritada kichik bir nuqtadek ko‘rinishi”ni ta’kidlab, “Isroilni kengaytirish”ning qandaydir yo‘llari bormi, degan masalani o‘rtaga tashlagan.

Tramp tadbirga o‘zining eng yirik donorlaridan biri Sheldon Adelsonning bevasi Miriam Adelson bilan birga kirib kelgan. Adelson xonimning aytishicha, «Isroilning xavfsizligi va ravnaq topishi uchun qayg‘uradigan har qanday yahudiy» Oq uyni yana Tramp egallashi uchun jon kuydirishi kerak.

Iyun oyida Adelson Isroilning noqonuniy okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilishi va Falastin davlatining tuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik evaziga Trampni qo‘llab-quvvvatlash uchun 100 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanishini va’da qilgan edi.

Adelson – Trampning isroilparast yagona yirik donori emas. Washington Post gazetasi sobiq prezident iyun oyi boshlarida ayrim donorlar bilan uchrashgani haqida yozgan edi. O‘shanda Tramp Isroilga qarshi «namoyish o‘tkazgan har qanday talabani mamlakatdan itqitib tashlashi»ni va’da qilgan.

«Bizda xorijlik talabalar juda ko‘p. Bu gapimni eshitganidan so‘ng ular o‘zini yaxshi tuta boshlashadi», – degan Tramp.

Nomi oshkor etilmagan shunday donorlardan biri talabalar va professorlar kuni kelib rahbarlik lavozimini egallashlari mumkinligidan shikoyat qilganida, Tramp aksilisroil namoyishchilarni «radikal inqilob» tarafdorlari deb atagan va ularni yengishni va’da qilgan.

Mavzuga oid