Iqtisodiyot | 07:46 / 18.08.2024
7252
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar bo‘yicha statistika ochiqlandi

Yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 576 mingdan oshdi. Ulardan 361 mingdan ortig‘i agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatadi. 7600 nafar taksichi yil boshidan beri jami 50-100 mln so‘m oralig‘ida, 171 nafari esa 100 mln so‘mdan oshiq rasmiy daromad topgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda hozirgacha 142 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani yakunlagan. Aprel oyida ularning soni 6 ta edi, deya xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan 15 avgustgacha agregatorlar orqali 166 mlndan ortiq qatnov uchun 3 trln so‘mlik fiskal chek berilgan. 1 mart holatiga (18,3 mln qatnov) taqqoslaganda qatnovlar soni 9 barobarga ortgan.

Avval norasmiy ishlab kelgan yarim million nafardan ortiq fuqaro (576,1 ming) yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 361 ming nafardan ziyodi agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatadi, bu mart oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 barobar ko‘p.

Haydovchilarning 21 foizi Nexia avtomobilida, 20 foizi Cobalt'da taksichilik qilmoqda. Eng keng tarqalgan taksi mashinalari beshligida Lacetti (16 foiz), Spark (13 foiz) va Matiz (10 foiz) ham bor.

To‘lovlarni fiskallashtirish o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarning daromadlari haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Ularning yil boshidan 15 avgustgacha topgan umumiy daromadi quyidagicha:

  • 125,6 ming nafari 1 mln so‘mgacha;
  • 104 ming nafari – 1-5 mln so‘m;
  • 45,3 ming nafari – 5-10 mln so‘m;
  • 78 ming nafari – 10-50 mln so‘m;
  • 7,6 ming nafari – 50-100 mln so‘m.
  • 171 nafar haydovchining daromadi 100 mln so‘mdan oshgan.

Qo‘mita matbuot kotibi Dildora Hoshimova Kun.uz’ga bergan qo‘shimcha izohida daromadlar o‘rtasidagi farqni quyidagicha izohladi.

“Bir narsani inobatga olish kerak: 1 mln so‘mgacha daromad topgan taksi haydovchilari doimiy taksi faoliyati bilan shug‘ullanmaydi yoki yanvar oyida faoliyatini tugatgan. Nisbatan ko‘proq daromad olayotganlar 8 oy davomida doimiy taksi faoliyati bilan band bo‘lgan. Daromadlar oylik emas, balki yanvar oyidan avgustgacha topilgan daromadlardir ”, – deydi u.

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu raqamlar norasmiy bandlik va mehnatga haq to‘lashning yashirin shakllarini legallashtirish natijalari hisoblanadi.

“Taksi bozorida yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish bu – haydovchilar va yo‘lovchilarning huquqlari qonun bilan himoyalangan adolatli va shaffof bozorni yaratish yo‘lidagi muhim qadam”, – deyiladi bayonotda.

Avvalroq, taksi agregatorlari orqali yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarga tegishli bo‘lgan avtomobillarning 64 foizi Toshkent shahrida harakatlanishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid