AQSh Eronning Tramp va Harris shtablariga kiberhujumlari haqida ma’lum qildi
Tehron ta’sir ko‘rsatish amaliyotlarini kuchaytirdi va saylov kampaniyasi a’zolariga qarshi kiberhujumlarni faollashtirdi, deya ma’lum qildi AQSh razvedka idoralari.
Eronning tajovuzkor faolligi, shu jumladan, Amerika jamoatchiligiga ta’sir ko‘rsatish operatsiyalari va saylovoldi tashviqoti rasmiylariga kiberhujumlar saylovlar davrida kuchaygan. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni Milliy razvedka direktori idorasi, Federal qidiruv byurosi va Milliy xavfsizlik departamenti qoshidagi Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligining qo‘shma bayonotida aytilgan.
«Eron bu yilgi saylovlarni o‘zining milliy xavfsizlik manfaatlariga ta’sir qilishi nuqtayi nazaridan alohida muhim deb hisoblaydi», — deyiladi bayonotda.
AQSh razvedka agentliklari kibertahdidlar oldini olish uchun xususiy sektor bilan hamkorlik qiladi
AQSh razvedka agentliklari sobiq prezident Donald Trampning saylovoldi tashviqotiga kirishga urinishlarini esga oldi, u Tehron bilan bog‘langandi. Uning raqibi Kamala Harrisning kampaniyasi ham hakerlar diqqat markazida bo‘ldi, deyiladi hujjatda.
«Biz chet eldan saylovlarimizga ta’sir o‘tkazish yoki aralashish urinishlariga toqat qilmaymiz», - deyiladi bayonotda. «Biz axborot almashish, xavfsizlikni kuchaytirish va har qanday tahdidlarni aniqlash, ularga barham berish uchun xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi agentliklar.
Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi bayonot berib, bu ayblovlarni «asossiz» deb atadi. «Avval e’lon qilganimizdek, Eron Islom Respublikasining AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashish niyati ham, maqsadi ham yo‘q», — deya matndan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.
Fishing hujumlari
O‘tgan hafta Google tahdidlarni tahlil qilish maxsus guruhi Eron hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan APT42 hakerlari AQSh prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq akkauntlarga, shuningdek, Isroildagi nishonlarga fishing hujumlarini uyushtirishda davom etayotgani haqida xabar berdi.
Oxirgi olti oy ichida AQSh va Isroil barcha APT42 hujumlarining qariyb 60 foizida nishonga aylangan, deb xabar berdi Google.
May va iyun oylarida AQSh prezidenti Jo Bayden va sobiq davlat rahbari Trampga aloqador o‘nga yaqin shaxslarning shaxsiy elektron pochtasi, saylov kampaniyasi bilan bog‘liq bo‘lgan amaldagi va sobiq amaldorlar kiberhujumlarga uchradi. So‘nggi paytlarda vitse-prezident Harrisning kommunikatsiyalari ham hujumlarda nishonga olingan.
APT42 yuqori martabali siyosiy maslahatchilardan birining shaxsiy Gmail akkauntiga kirish huquqiga ega bo‘ldi, deya aniqlik kiritdi Google. Iyul oyi boshida korporatsiya AQSh huquq-tartibot idoralariga zararli faoliyat haqida ma’lumot bergan.
Isroil diplomatlari, olimlariga kiberhujumlar
APT42 Isroilning sobiq yuqori martabali harbiy amaldorlari va aerokosmik soha rahbarining akkauntlarini nishonga olishga urinib, so‘nggi zarbalar bo‘yicha izoh berish uchun jurnalistik so‘rovlar sifatida elektron pochta xabarlarini yuborgan. Shuningdek, isroillik diplomatlar, olimlar, nodavlat tashkilotlar va siyosiy arboblar ham fishing elektron pochta xabarlarini olgan.
Hakerlar foydalanuvchilarni Google ma’lumotlarini yig‘ish uchun mo‘ljallangan soxta sahifaga yo‘naltirgan qisqartirilgan giperhavola bilan Project Aladdin nomi bilan yashiringan PDF ilovasini yuborishdi.
Hakerlar Rojyer Stounning elektron pochtasiga kirgan bo‘lishi mumkin
CNN avvalroq Eron manfaatlarini ko‘zlab ish tutayotgan hakerlar amerikalik siyosiy maslahatchi Rojyer Stounning shaxsiy elektron pochtasiga kirib, Tramp kampaniyasi a’zolari yozishmalari bilan tanishishga harakat qilgani haqida xabar bergan edi.
Respublikachilar partiyasidan nomzodning saylovoldi shtabi vakili Stiven Chang kiberjinoyatchilar sobiq prezident Tramp saylovoldi kampaniyasidagi ichki hujjatlarga kirish imkoniga ega bo‘lganini tasdiqladi.
AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
20:58 / 24.12.2024
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
16:05 / 20.12.2024
Ukraina davlat reyestrlari RFdan keng ko‘lamli kiberhujumga uchradi
14:52 / 20.12.2024