Jahon | 15:02 / 20.08.2024
1407
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya va Indoneziya mudofaa to‘g‘risida shartnoma tuzdi

Avstraliya va Indoneziya 2012 yilgi mudofaa shartnomasini yangiladi. Yangi kelishuv, xususan, mudofaa kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlari parametrlarini tartibga soladi.

Foto: X / AlboMP

Avstraliya va Indoneziya mudofaa sohasida hamkorlik shartnomasi tuzdi. Bu haqda 20 avgust, seshanba kuni Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ma’lum qildi.

ABC News aniqlik kiritganidek, gap 2012 yilgi mudofaa paktini yangilash haqida ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya rasmiylari yangi kelishuvlarni 2006 yilning noyabrida ikki tomonlama xavfsizlik bitimi tuzilganidan beri eng muhim strategik hujjatlardan biri deb hisoblaydi.

Yangi hujjat, xususan, ikki davlat mudofaa kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlari parametrlarini tartibga soladi. Bu diplomatik va siyosiy kelishmovchiliklar tufayli xavfsizlik sohasidagi hamkorlik susaygan murakkab davrda muhim ahamiyatga ega, deb eslatadi ABC News. 

«Ushbu tarixiy shartnoma... mamlakatlarimiz bir-birining xavfsizligini ta’minlashi uchun muhim poydevor bo‘ladi», dedi Albaneze va kelishuvning yaqin kunlarda rasman imzolanishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi

Indoneziya saylangan prezidentining Avstraliyaga tashrifi 

Avstraliya bosh vaziri Albaneze va mudofaa vaziri Richard Marlz 19-20 avgust kunlari Kanberrada Indoneziyaning saylangan prezidenti Prabovo Subiantoni qabul qildi. Bu Subiantoning fevral oyida Indoneziyadagi umumiy saylovlardan keyin Avstraliyaga birinchi tashrifi. 

Tomonlar iqtisodiyot, xavfsizlik va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish jihatlarini muhokama qilmoqda. Bu yil ikki davlat diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 75 yilligini nishonlamoqda.

AUKUS doirasidagi hamkorlik 

2021 yil sentabr oyida Avstraliya, AQSh va Britaniya Xitoyga qarshi AUKUS deb nomlangan yangi blok tashkil etishini e’lon qildi. Shartnomaning bir qismi sifatida Vashington va London Kanberraga o‘zining yadroviy suvosti flotini yaratishda yordam berishga va’da qildi. 

2023 yil oktyabr oyida Britaniya Mudofaa vazirligi AUKUS doirasida suvosti kemalarini qurish uchun 4 milliard funt sterling (4,6 milliard yevro)lik yangi shartnoma imzoladi. 

Mavzuga oid