Jahon | 22:07 / 20.08.2024
3992
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Isroilga qasos zarbasi berish bo‘yicha shoshilmaslikka qaror qildi

Eron qo‘mondonlari «dushmanni samarali jazolash tajribasiga ega va shoshqaloqlik bilan harakat qilishga moyil emas» ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) matbuot kotibi Ali Muhammad Nainiy so‘zlariga ko‘ra, mamlakat armiyasi Tehronda Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga javoban Isroilga hujum qilishga shoshilishi kerak emas, deb hisoblaydi. Eronning javobi avvalgi operatsiyalardan farq qilishi mumkin, dedi u.

«Vaqt biz tomonda va jinoyatchi sionistik rejimga javob zarbasi berilishini kutish davri uzoqqa cho‘zilishi mumkin», deb uning so‘zlaridan Mehr agentligi iqtibos keltirdi.

Nainiyning qo‘shimcha qilishicha, Eron qo‘mondonlari «dushmanni samarali jazolash tajribasiga ega va shoshqaloqlik bilan harakat qilishga moyil emas». Shuningdek, u avvalroq Eronga qilingan hech bir hujum javobsiz qolmaganini aytdi.

Avvalroq, Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Husayn Jobiriy Ansoriy Tehronning javob zarbasi shakli va vaqti mojaroning rivojlanishiga bog‘liqligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning javobi «har tomonlama, ammo aniq» bo‘ladi.

Eron 31 iyul kuni Tehronda Hamas siyosiy byurosi rahbari o‘ldirilishi ortidan Isroilga qarshi yirik hujum uyushtirishga va’da berdi. Reuters agentligining xabar berishicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilsa, Eron hujumni kechiktirishi mumkin.

Mavzuga oid