Jahon | 15:17 / 21.08.2024
4635
2 daqiqa o‘qiladi

Mpox yangi kovid emas, uni to‘xtata olamiz – JSST

Mpox virusini epidemiologik choralar va vaksinalar orqali nazorat qilish mumkin deb bayonot berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Hans Klyuge.

Foto: Irina Starikova3432 / Shutterstock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yuzasidan bayonot berdi. U mpox epidemiyasi kovid darajasida emasligi, uni to‘xtatish imkoni borligini ma’lum qildi. Vakilga ko‘ra, buning uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilishi kerak. 

Biz mpox virusi bilan qanday kurashishni bilamiz. Infeksiya o‘choqlari aniqlangan va virus tarqalishi xavfi yuqori hududlarda vaksinalar ta’minotini oshirish lozim”, – dedi Hans Klyuge.

Bayonotga ko‘ra, iyun oxirigacha 116 mamlakatda kasallanish holatlari qayd etilgan. Virus asosan Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya va Ruandada ko‘proq aniqlangan. Hozir virusning Ib deb nomlangan yangi shtammi tarqalyapti. Mutatsiya Kongo Demokratik Respublikasida 500 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu tur avgust boshida Shvetsiyada ham aniqlangan. 

Britaniyalik olimlar fikricha, Ib mutatsiyasi boshqa shtammlarga qaraganda yuqumliroq va og‘irroq asoratlarni keltirib chiqaryapti. Hans Klyuge esa har qanday shtammni epidemiologik choralar va vaksinalar orqali nazorat qilsa bo‘ladi degan fikrda.

Ma’lumot uchun, 14 avgustda JSST mpox virusi tarqalishi bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilgandi. Sanepidqo‘m esa O‘zbekistonda mpox virusi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rilayotgani haqida xabar bergandi. Shunindek, qo‘mita xorijdan kelayotgan fuqarolar sog‘lig‘ida jiddiy o‘zgarish sezsa, shifokorga borishni tavsiya qilgan edi.

Mavzuga oid